Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida yuz bergan shifokor va fuqaro suhbati videosi tarqaldi.
Unda shifokor fuqaroni so‘kkani qayd etilgan.
E’tiborimizni ayni shu voqea emas, keyingi paytlarda fuqarolar bilan tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuz berayotgan har xil tortishuvlar, shifokorlarning kaltaklanayotgani va shunga o‘xshash xunuk holatlar aks etgan videolavhalarning keng tarqalayotgani tortdi. Shu bois holatga aniqlik kiritish maqsadida Nishon tumanida bo‘ldik va voqeaning bevosita ishtirokchilari bilan suhbatlashdik.

Ma’lum bo‘lishicha, Nishon tumani Nuriston shaharchasi birinchi mitti tuman 15-uy, 15-xonadonda yashovchi fuqaro Ma’ruf Rayimqulov joriy yilning 15 may kuni taxminan soat 14:00 lar atrofida velosipeddan yiqilib, chap qo‘l tirsak sohasidan jarohat olib, shifokorga ko‘rinish maqsadida uyiga yaqin masofadagi Nishon tuman Nuriston shaharchasidagi tez tibbiy yordam shoxobchasiga boradi. O‘sha paytda shoxobchada chaqiruvlarni qayd etib boruvchi dispetcher, bir nafar feldsher, navbatchi shifokor va haydovchilar bo‘lgan. Bemor xonaga kirib feldsher boshqa bir bemorni tekshirayotganini ko‘rib, dam olish xonasiga o‘tadi. U yerda esa navbatchi shifokor Bahodir Hojiqulov va haydovchilardan biri bo‘lgan. Xullas bemor va shifokor o‘rtasidagi tortishuv shu yerda boshlanadi.
– Bemor to‘g‘ri dam olish xonasiga kirib kelib, dabdurustdan doktorga “Turing o‘rningizdan sizga kasal keldi” dedi, – deydi voqeaga guvoh bo‘lgan haydovchilardan biri Nurullo Shukurov. – Qarasam kasal o‘zi ekan. O‘sha yerda ikkalasi bir-biri bilan tortishib ketdi. Men blogerman deya videoga ola boshladi. Yosh bo‘la turib shifokorga qo‘pol muomala qildi. Men tinchlantirishga urindim, lekin foydasi bo‘lmadi. Ushbu holat menda atayin uyushtirilgandek taassurot qoldirdi. Sizga aytsam, bu voqea birinchisi emas. Shaharchamiz aholisi hamisha shunday. Doim qo‘pollik qiladi, janjal axtaradi, doktorlarni oyoq osti qiladi. Ozroq kechiksangiz kaltaklab ketadi. 25 mingdan ziyod aholiga atigi bitta tez yordam mashinasi qo‘yilgan bo‘lsa, qanday qilib vaqtida yetib borish mumkin.

– O‘sha fuqaro kirib kelgan vaqtida bemorni tekshirayotgan edim, – deydi feldsher Normamat Gulxorov. – Men hatto uni kirganini ham ko‘rmay qoldim. Qulog‘imdan faringoskopni olganimda shovqin so‘ronni eshitdim. Dam olish xonasiga kirib bordim. Kirganimda yosh yigit doktorga o‘dag‘aylab, uni qo‘lidan tortib sudraganiga guvoh bo‘ldim. Shundan so‘ng haqiqatdan ikkalasi ham qo‘pol so‘zlar bilan bir-birini haqoratladi. So‘ng u bola chiqib ketdi va birozdan so‘ng telefonining kamerasini yoqib yana kirib keldi. Videoga oldi. Yana tortishishdi. Keyin yana chiqib ketdi. Keyin izidan borib iltimos qilib, olib kelib qo‘lini bog‘ladim.
– O‘sha kuni velosipeddan yiqilib, chap qo‘limda jarohat bilan tez yordamga keldim, – deydi videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan, voqea ishtirokchisi Ma’ruf Rayimqulov. – Kirganimda keksaroq doktor kasal ko‘rayotgan ekan. Boshqa doktor yo‘qmi degan maqsadda bu xonaga kirdim. Navbatchi shifokor yotgan ekan. U kishiga chiqing meni qo‘limni bog‘lab qo‘ying dedim, u rad qildi. Keyin so‘kindi. Tortishib ketdik. Hammamiz ham erkakmiz, o‘zimni haqoratlasa men bunchalikka bormasdim. U kishi onamni haqoratlab so‘kingach chidab tura olmadim. Xullas nima bo‘lganda ham voqeani oxiri yaxshilik bilan tugadi. U kishi bilan uchrashib, kelishib oldik. Keyin bildim Bahodir aka shifokor sifatida shaharchamiz aholisining ko‘pchiligiga ko‘p xizmatlari o‘tgan ekan. Men jahl ustida bu videoni qo‘yganimdan afsusdaman va keyingi videoda hamma kamchiliklarni to‘g‘rilayman. U kishini shoxobchadan bo‘shatilibdi degan mish-mishlar ham tarqab qoldi, lekin men buni istamayman va Bahodir aka bundan keyin ham aholimizga xizmat qilishda davom etadi degan umiddaman va mas’ullardan ham shuni so‘rab qolaman.

Bo‘lgan voqea shu. Ushbu voqea yuzasidan Nishon tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ikrom Bozorov bilan suhbatlashganimizda ham Bahodir Hojiqulovni shifokor sifatida tajribali, o‘z kasbining bilimdoni ekanligini, ammo nima bo‘lganda ham bir fuqaroga nisbatan qilgan muomalasini oqlamasligini, hozirda uni ishi bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh xizmat tekshiruvi olib borayotganini ta’kidladi. Ammo gap orasida Bahodir Hojiqulovga nisbatan ilgari ham bir necha bor shunga o‘xshash uyushtirilgan xatti-harakatlar qilinganini qistirib o‘tdi.
O‘sha janjal ishtirokchisi bo‘lgan Bahodir Hojiqulov bilan esa suhbatlashishni imkoni bo‘lmadi.
Kuzatishlarimiz davomida Nishon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mazkur tez tibbiy yordam shoxobchasining ahvoli nihoyatda achinarli ekanligini guvohi bo‘ldik. 40 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritayotgan shoxobchaga atigi uchta ta’mirtalab xona ajratilgan. Xonalar antisanitariya holatida. Bir qarashda tez yordam binosi deyishga uyalasan kishi. Shaharchadagi 25 ming nafardan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadigan tez yordam shoxobchasida bir dona tez yordam mashinasi ajratilgan. Balki shu holat ham fuqarolar va shifokorlar o‘rtasidagi tortishuvlarga sabab bo‘layotgandir.
O‘.BAROTOV, O‘zA