Tibbiyot xabarlari
Dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalarini qayd etish va monitoring qilish tizimi to‘liq raqamli shaklga o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vazirining 2026-yil 21-yanvardagi tegishli buyrug‘iga muvofiq, nojo‘ya reaksiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish hamda ularni yagona elektron platforma orqali yuritish tartibi joriy etildi.
Mazkur tizim farmakonazorat jarayonlarini markazlashtirish, ma’lumotlar sifatini oshirish hamda nojo‘ya reaksiyalar haqidagi xabarlarni tezkor va ishonchli tarzda qabul qilish imkonini berayotir. Bugungi kunda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari aniqlangan holatlarni yagona platforma orqali tizimli ravishda ro‘yxatdan o‘tkazib kelmoqda.
Hozirda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi egalari tomonidan tayinlangan farmakonazorat bo‘yicha mas’ul shaxslar uchun ham nojo‘ya reaksiyalar haqida mustaqil xabar yuborish imkoniyatini joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
***
Yurtimizda 1991-yilda 723,4 ming bola tug‘ilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib bu ko‘rsatkich 527,6 minggacha kamaygan. Keyingi davrda tug‘ilishlar soni ko‘payib, 2010-yilda 634,8 mingga, 2020-yilda esa 841,8 mingga yetgan. 2023-yilda 962 ming bola tug‘ilib, 1991-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.
Biroq so‘nggi ikki yilda bu raqam pasaygan: 2024-yilda 926,4 ming, 2025-yilda esa 879,6 ming bola tug‘ilgan. 2026-yil yanvar-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 373,4 mingta tug‘ilish qayd etilgan.
***
Prezidentimizning 2025-yil 9-noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yil 12-iyun kuni Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlangan edi.
Nizomga muvofiq, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun respublika oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha yillik to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi qoplab beriladi.
Bunda qoplanadigan mablag‘ bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmasligi lozim.
2026-yil 14-oktabr holatiga ko‘ra, ushbu hujjat asosida 20 ming 846 ta ariza qabul qilingan. 6311 nafar talabaning kontrakti uchun 27 milliard 200 million so‘m to‘lab berildi, yana 4848 nafar talabaning to‘lovi uchun 19 milliard 200 million so‘m ajratish jarayoni davom etmoqda. Qolgan 9687 ta ariza ko‘rib chiqilyapti.
Amalga oshirilgan to‘lovlar bo‘yicha xabarnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizachining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
***
Mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda yosh mutaxassislarning ilmiy-amaliy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, sohadagi ilg‘or yutuqlar va zamonaviy davolash usullarini yosh shifokorlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida tibbiyot markazlarida muntazam ravishda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Yosh mutaxassislar, klinik ordinatorlar va magistrlar ishtirokida ko‘krak bezi saratonining zamonaviy diagnostikasi va davolash usullariga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi.
Seminar dasturidan «Sut bezi saratonining zamonaviy morfologik va molekulyar-genetik diagnostikasi: gistologik xususiyatlar, immunogistoximik profil va somatik mutatsiyalar» mavzusida taqdimot o‘rin oldi. «Sut bezi saratoni jarrohligida zamonaviy yondashuvlar: a’zoni saqlab qoluvchi operatsiyalar va onkoplastik rekonstruksiya usullari» mavzusida ma’ruza tinglandi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA