Tibbiyot xabarlari
Mahalliy farmatsevtika korxonalari vakillari ishtirokida Zoom platformasi orqali onlayn muloqot tashkil etildi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari ishtirok etib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Xususan, “ZUMA PHARMA” MCHJ tomonidan taqdim etilgan 5 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, “UZGERMED PHARM” MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan 5 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalari amal qilish muddatini uzaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida korxona vakillarining savollariga mas’ul mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, ekspertiza jarayonida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq va amaliy muloqot olib borish dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi masalalarni o‘z vaqtida hal etish, belgilangan talablar ijrosini ta’minlash hamda farmatsevtika sohasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
***
Moskva shahridagi «Hadassah Medical Moscow» klinikasida o‘tkazilgan «Yadroviy tibbiyot: bugun va kelajak» xalqaro konferensiyasida shifokorlarimiz ham ishtirok etdi.
Anjuman doirasida zamonaviy tibbiyotning eng muhim yo‘nalishlari — pozitron-emission tomografiya va kompyuter tomografiyasi (PET/KT), radionuklid terapiya, teranostika, innovatsion radiofarmatsevtik preparatlar, shuningdek, dozimetrik rejalashtirish va raqamli texnologiyalarga oid masalalar keng muhokama qilindi.
Tashrif davomida mutaxassislar mazkur klinikaning asosiy diagnostik va davolash bo‘limlari, xususan, yadroviy tibbiyot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, klinik jarayonlar, bemorlarni tibbiy yo‘naltirish tizimi hamda ilg‘or diagnostika va davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish tajribasi o‘rganildi.
Tadbir doirasida «Hadassah Medical Moscow» bosh shifokori Boris Churadze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish masalalari muhokama qilinib, mamlakatimiz mutaxassislarini mazkur yetakchi klinikaga stajirovka va malaka oshirish uchun yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
***
“Pharm Service” davlat muassasasi tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi korxonalarda ISO 13485:2016 xalqaro standartini joriy etish bo‘yicha professional konsalting xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, ISO 13485 standarti mahsulot xavfsizligini ta’minlash, xalqaro talablarga muvofiqlikni oshirish va yangi bozorlarga chiqish sari muhim qadamdir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA