Tibbiyot xabarlari
Xitoyning Pekin shahrida boshlangan “SwanX China Oncology Week”da Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi delegatsiyasi ham qatnashmoqda.
Xitoy Tibbiyot fanlari akademiyasi milliy saraton markazi professori Ma Fey rahbarligida tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbir Yevroosiyo va Osiyo mamlakatlarining yetakchi onkolog-mutaxassislarini bir davraga jamladi.
Haftalik dasturidan ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, davolashning barcha bosqichlarini samarali boshqarish, innovatsion dori vositalari hamda ilg‘or diagnostika texnologiyalarini joriy etish masalalari o‘rin olgan.
Anjuman doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham muhim muzokaralar olib bormoqda. Xususan, Markaz direktorining rejalashtirish va jamoat salomatligi bo‘yicha o‘rinbosari D.Egamberdiyev xalqaro ilmiy tashabbus muhokamasida ishtirok etib, ko‘krak bezi saratonini nazorat qilishda sifat nazorati (Quality Control) tizimlarining ahamiyati hamda bu boradagi xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, Markazning torakal onkologiya bo‘limi rahbari, professor A.Yusupbekov jahon miqyosidagi yetakchi “Cancer Innovation” jurnalida ilmiy maqolalarni nashr etish imkoniyatlari va uning “Bir kamar — Bir yo‘l” mamlakatlari uchun xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishdagi o‘rni bo‘yicha muzokaralarda qatnashmoqda.
Xalqaro hamkorlik va ilm-fan sohasidagi bunday amaliy tashabbuslar mintaqamizda saraton kasalliklariga qarshi kurashishning sifati va samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
***
O‘zbekistonda jahon darajasidagi hujayra texnologiyalari markazi barpo etiladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Fanlar akademiyasining Ilg‘or texnologiyalar markazida hujayra texnologiyalari va hujayra terapiyasi bo‘yicha zamonaviy markaz tashkil etiladi.
Markazda O‘zbekistondagi birinchi ildiz hujayralar banki faoliyat yuritmoqda. Unda 1200 dan ortiq namuna saqlanadi.
Shuningdek, «O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi doirasida 1200 dan ortiq ishtirokchiga oid qariyb 10 million genetik marker jamlangan.
Biome loyihasi hujayra texnologiyalari, genom tadqiqotlari va klinik tibbiyotni yagona platformada birlashtirishga qaratilgan.
***
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Koreya ijtimoiy xayriya fondi hamda KOFIH tashkiloti hamkorligida Toshkent shahrining Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan hamshiralar ishtirokida xalqaro seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, profilaktik ishlar samaradorligini yanada kuchaytirish hamda aholi o‘rtasida tibbiy savodxonlikni yuksaltirishdan iborat.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga aholi bilan samarali muloqot o‘rnatish, profilaktik tavsiyalarni sodda va tushunarli shaklda yetkazish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning ilg‘or va zamonaviy yondashuvlari o‘rgatilib, amaliy bilim va ko‘nikmalar berildi.
Bu kabi xalqaro treninglar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish va soha xodimlarining salohiyatini zamon talablari asosida boyitishda muhim ahamiyatga ega.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda IPRP (Xalqaro farmatsevtika regulyatorlari dasturi) hamkorligida dori vositalarining sifati va bioekvivalentligini baholash bo‘yicha ilg‘or xalqaro yondashuvlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan IPRP manfaatdor tomonlar uchrashuvi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad dori vositalarining sifati va bioekvivalentligini baholash borasidagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, regulyator fanlar sohasidagi dolzarb masalalarni hal etish hamda xalqaro miqyosdagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.
Uchrashuv kun tartibidan qator muhim yo‘nalishlar o‘rin olgan. Xususan, IPRP ishchi guruhlarining so‘nggi faoliyati, jumladan, generik dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarida ishlarni taqsimlash mexanizmlari, shuningdek, xalqaro regulyator sheriklikni rivojlantirish istiqbollari keng muhokama qilinadi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, mazkur jarayonda farmatsevtika sanoati vakillari va mutaxassislari ham faol qatnashishi mumkin. Xususan, soha vakillari dori vositalari sifati va bioekvivalentligiga oid dolzarb masalalar yuzasidan muhokama uchun o‘z mavzulari hamda takliflarini bildirishlari mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA