Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan Samarqandda tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman qizg‘in kechdi.
“Zamonaviy endokrinologiyaning dolzarb masalalari: innovatsiyalardan real klinik amaliyotgacha” mavzusidagi ushbu nufuzli tadbirda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston kabi davlatlardan sohaning eng yetakchi mutaxassislari, olimlar hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Endokrin tizimi inson tanasida barcha hayotiy jarayonlarni tartibga solishda asosiy rol o‘ynagani bois, bu yo‘nalishdagi xastaliklarni erta aniqlash, oldini olish va asoratlari xavfini kamaytirish juda muhimligi ta’kidlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan xavf guruhiga kiruvchi aholini endokrin kasalliklar skriningidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilishining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Anjumanda olimlar va ekspertlar bu xastaliklarning dunyo bo‘yicha holati, ularning oldini olish va davolashning yangi usullari haqida ma’lumot berdi. Bu borada O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar taqdimoti ham yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otyapti.
***
Milliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan navbatdagi murakkab yurak amaliyoti – mitral klapan plastikasi neo-xord implantatsiyasi bilan birga aorto-koronar shuntlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur operatsiya markazda ilk marta o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir. Amaliyot yurak klapanining funksiyasini tiklash va yurak mushagining qon bilan ta’minlanishini yaxshilash maqsadida amalga oshirildi.
Bu oson jarayon emasdi. E’tirof etish joiz, tajribali kardiojarrohlar ishni yuqori texnik darajada uddaladi.
***
Navbatdagi nazorat tadbirida Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, Tuproqqo‘rg‘on MFY, Alisher Navoiy ko‘chasi, 34-uy manzilida joylashgan "Optovik Farm Daler" MCHJga tegishli dorixonaning litsenziya talab va shartlarini buzganlik holati aniqlandi.
Tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 21 turdagi dori vositasini saqlayotgan va realizatsiya qilayotgan "Optovik Farm Daler" MCHJning litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. "Optovik Farm Daler" MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2023 yil 27 fevralda berilgan 065745-sonli litsenziya bekor qilindi.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, mazkur dorixona litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar) ning yagona reyestriga kiritildi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish markaziy organi tomonidan shu yilning birinchi choragida 770 ta seriyadagi 119 651 012 shartli o‘ramdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika uchun 307 ta muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, 49 ta seriyadagi 408 521 shartli o‘ram dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq deb topildi.
***
Toshkent tibbiyot akademiyasi Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi tashabbusi bilan davolash fakulteti talabalari uchun qiziqarli ma’ruzalar tashkil etib kelinmoqda.
Ana shunday ilmiy-ma’rifiy tadbirlarning navbatdagisi Boshqirdiston davlat universitetidan tashrif buyurgan dotsent Galiya Zakriyanova ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Mutaxassisning “Sun’iy intellekt va uning tibbiyotdagi imkoniyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’ruzada sun’iy intellekt texnologiyalarining tibbiyot sohasida qo‘llanilishi, jumladan, tashxis qo‘yish, bemorlarni monitoring qilish, davolash algoritmlarini ishlab chiqish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi ahamiyati batafsil yoritib berildi. Shuningdek, mashinaviy o‘rganish, neyron tarmoqlar, tibbiy axborot tizimlari, shaxsiylashtirilgan tibbiyot kabi zamonaviy tushunchalar haqida tushunarli va ilmiy asoslangan tarzda so‘z yuritildi.
***
Toshkent tibbiyot akademiyasi va Koreyaning Kyungdong universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum doirasida Akademiya o‘qituvchilari va xodimlari uchun Kyungdong universitetida malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Talabalar uchun esa reabilitologiya, pediatriya va stomatologiya yo‘nalishlarida amaliyot va stajirovkalar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA