Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida tibbiy sug‘urta tizimi qaysi hududda qachon tatbiq etilishi belgilab berilgan. Unga ko‘ra, o‘tgan yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida mazkur tizim hayotga tatbiq etib kelinmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorov rahbarligida bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa shaklidagi yig‘ilishda ta’kidlanishicha, joylarda muayyan yutuqlar barobarida, zudlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar ham kuzatilayotir.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan shu yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, Sirdaryo viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan yanvar-fevral oylarida bemorlarni qabul qilish, tibbiy ko‘rik va maslahat berish vazifalari 51 foizga bajarilgan. Tibbiy-profilaktik xizmatlarni ko‘rsatish, profilaktik ko‘riklar hamda skrining, diagnostik va laborator tekshiruvlar yo‘nalishlarida ham past ko‘rsatkichlar kuzatilgan.
Tibbiyot muassasalari rahbarlari tomonidan ish jarayoni to‘g‘ri tashkil etilmagani bois aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar kafolatlangan darajada ko‘rsatilmayapti. Yomoni, byudjet mablag‘i samarasiz ishlatilishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi ichki dorixonasi omborida ehtiyoji aniq bo‘lmagan 299 mln. 988,4 ming so‘mlik dori-darmon va tibbiy buyumlar hamda 4 mingdan ziyod shpritslar ishlatilmasdan turgani aniqlangan. Hudud aholisi esa shu turdagi dori vositalari va shpritslarni sotib olishga majbur bo‘lgan.
Bunday kamchiliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kuzatilgan. Masalan, hududdagi birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari tomonidan Taxiatosh TTBsida qatnovlar soniga, 40 va undan katta yoshdagilar rejali skrininglariga qo‘shib yozish holatlari kuzatilgan.
Bu kabi holatlar EKG, FGDS va laboratoriya bo‘limlarida borligi ham aniqlangan.
Yig‘ilishda aytilganidek, Navoiy va Samarqand viloyatlarida shu yil 1 iyuldan, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida esa 1 oktyabrdan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, allaqachon tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Ammo shu jarayonlarda ayrim xato va kamchiliklar, xususan, kompyuter yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar ham ko‘zga tashlanmoqda.
Tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Ayniqsa, barcha viloyatlarda tor soha mutaxassislari yetishmaydi. Shulardan kelib chiqqan holda, yig‘ilishda aprel oyidan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning quyiga tushib ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi urg‘ulandi.
O‘z navbatida, ko‘rsatilgan kamchiliklarni hal etishga qaratilgan aniq tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu jumladan, tez kunlarda yurtimiz bo‘yicha 15 ta tuman tibbiyot birlashmasida o‘rganishlar o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
***
“Namangan Dori-darmon“ AJ GDP – Zarur distribyutorlik amaliyoti sertifikatini oldi.
Bu kompaniya va uning tizimidagi jamiyatlarning dori vositalarini olib kelish, saqlash, yetkazib berishda, umumuman olganda, distribyutorlikning barcha bosqichlaridagi faoliyati ishonchli, sifatli va samarali ekanligini kafolatlaydi.
Ma’lumot uchun, farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy korxonalar GDP — Zarur distribyutorlik amaliyoti sertifikati asosida faoliyat olib borishi kerak.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida sohani jadal rivojlantirish, tarmoqda shaffoflikni ta’minlash, innovatsion axborot texnologiyalari va xavfsizlik standartlarini joriy etishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining shu yil 28 yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar to‘g‘risida hamda “Zarur amaliyotlar markazi — GxP” davlat muassasasi faoliyati va farmatsevtik mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash borasida hisobotlar tinglandi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn uchrashuvda “NOVA PHARM” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Unda markaz ekspertlari tomonidan NOVA PHARM” MCHJ ning davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarini amal qilish muddatini uzaytirish uchun taqdim etgan 4 nomdagi dori vositasining sifat, xavfsizlik va samaradorlik ko‘rsatkichlari, xalqaro standartlarga mosligi hamda texnik hujjatlarining talablarga muvofiqligi ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar chog‘ida mahsulotlarning sinov natijalari, laboratoriya tekshiruvlari va tegishli hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
***
Milliy tibbiyot markazida professor Azam Bobojonov boshchiligidagi transplantologlar jamoasi tomonidan 35 yoshli bemorga jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Bemorda o‘tkir jigar yetishmovchiligi bilan birga darvoza venasida tromboz aniqlangan. Shifokorlar murakkab jarrohlik amaliyoti doirasida nafaqat jigar transplantatsiyasini, balki renoportal shuntlash operatsiyasini ham bajardi. Bemorning hayotini saqlab qolish uchun uning opasi donorlik qildi.
Shifokorlar operatsiya jarayonini yuqori aniqlikda rejalashtirib, bemorning sog‘ayish jarayonini doimiy nazorat ostida olib bormoqda.
Bu muvaffaqiyatli amaliyot Markazning transplantologiya sohasida yuqori malakaga ega ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA