Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Mudofaa hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mudofaa vaziri Sh.Xalmuxamedov va Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorov tomonidan imzolangan ushbu memorandum tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hujjat tibbiyot kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish, dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borish, bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish hamda laborator-instrumental tekshiruvlar o‘tkazish kabi qator yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Memorandumga muvofiq, shoshilinch va favqulodda holatlarda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni evakuatsiya qilish hamda davolash-diagnostika ishlari hamkorlikda tashkil etiladi. Zarur holatlarda tor doiradagi mutaxassislarni ajratiladi.
Shuningdek, hujjatda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va gospitallar bazasida tomonlarning sog‘liqni saqlash xodimlari, kursantlari, talabalari, tinglovchilari, klinik ordinatorlarining amaliyot hamda stajirovka o‘tashini ta’minlash, o‘quv dasturlarini takomillashtirib borish hamda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Dori vositalarini tartibga soluvchi organlarning xalqaro koalitsiyasi – ICMRA (International Coalition of Medicines Regulatory Authorities)ga a’zolikka qabul qilindi.
ICMRA – farmatsevtik mahsulotlarning xavfsizligi, samaradorligi va sifatiga oid global yondashuvlarni muvofiqlashtirish, tartibga solish sohasidagi salohiyatni mustahkamlash hamda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi. Mazkur platforma dunyo miqyosidagi 40 dan ortiq yetakchi farmatsevtik tartibga soluvchi organlarni birlashtiruvchi xalqaro koalitsiya bo‘lib, uning asosiy vazifasi global darajada dorivor vositalarning xavfsizligi, samaradorligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha tartibga solish siyosatini uyg‘unlashtirish, pandemiyalar, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, tezkor regulyatorlik choralari va boshqa strategik masalalar yuzasidan muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishdir. ICMRA a’zolari qatorida AQSH (FDA), Yevropa Ittifoqi (EMA), Yaponiya (PMDA), Kanada (Health Canada), Avstraliya (TGA), Buyuk Britaniya (MHRA), Janubiy Koreya (MFDS), Xitoy (NMPA), Braziliya (ANVISA), shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) kabi nufuzli xalqaro organlar mavjud.
Ushbu a’zolik yurtimiz farmatsevtika sohasi uchun muhim ahamiyat kasb etib, O‘zbekistonning xalqaro tartibga soluvchi organlar hamjamiyatiga yanada chuqurroq integratsiyalashuvini ta’minlaydi. Shuningdek, Markaz mutaxassislariga ilg‘or tartibga solish tajribalarni o‘rganish, milliy me’yoriy-huquqiy bazani xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov videokonferens aloqa orqali Iordaniyaning “MS Pharma” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
“MS Pharma” – farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalarida ishlab chiqarish va taqsimot tarmog‘iga ega.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga bo‘lgan qiziqishlarini bildirdi. Agentlik direktori ularga mamlakatimiz farmatsevtika bozori, tartibga solish tizimi va investitsion imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi. Shuningdek, “MS Pharma” kompaniyasi vakillarini O‘zbekistonga kelib, mamlakatning farmatsevtika sanoati bilan bevosita tanishishga taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ma’lumot almashish va kelgusida hamkorlik qilish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
***
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Fransiya – O‘zbekiston iqtisodiy palatasi prezidenti Joanna Golas va ijrochi direktori Abduaziz Hakimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Fransiya-O‘zbekiston iqtisodiy palatasi vakillari O‘zbekiston farmatsevtika bozori haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi hamda Fransiya farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, agentlik direktori delegatsiyani “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasi va olib borilayotgan ishlarning ko‘lami bilan tanishtirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston farmatsevtika sohasi va uning eksport salohiyatini fransuz kompaniyalariga tanishtirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash borasida kelishuvga erishdi.
***
Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tuman, shahar tibbiyot birlashmalarining oilaviy shifokorlari boshchiligidagi amaliyotchi va patronaj hamshiralar davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan bog‘liq ishlarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Guliston shahar tibbiyot birlashmasi, 4-oilaviy poliklinika va Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bo‘ldi. Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi asosida joriy etilgan va amalga oshirilgan ishlar, hamda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, ular reyestrini yuritish, vrach, vrach old xonasi, unda ishlayotgan oila shifokori va amaliyotchi hamshira faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Guliston shahar tibbiyot birlashmasida esa, ikki viloyat tibbiyot xodimlari ishtirokida o‘quv-amaliy seminar tashkil etilib, unda davlat tibbiy sug‘urtasi va raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA