Parij shahrida “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi tibbiyot forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli tadbirda ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari, yirik tibbiyot markazlari, klinikalari, shifoxonalari va oliy o‘quv yurtlari rahbarlari shuningdek, Fransiyaning “French Healthcare” tashkiloti hamda tibbiyot va farmatsevtikaga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalari mas’ullari qatnashdi.
O‘zaro hamkorlikning yangi ufqlariga bag‘ishlangan mazkur tadbir Yevropa va Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya direktori Lyudovik Puye, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov hamda “French Healthcare” assotsiatsiyasi Prezidenti Jan-Per Boffining kirish so‘zlari bilan boshlandi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida Fransiya yutuqlarini o‘rganish va ommalashtirishdan manfaatdor. Bu bejiz emas, albatta. Chunki Fransiya tibbiyot yo‘nalishida dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biridir. Xususan, diagnostika, terapevtik muolajalar va noyob jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda katta tajribaga ega. Bu esa kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va samarali davolashda ilg‘or tibbiy texnologiyalar hamda raqamli yechimlarni joriy qilish masalalari yuzasidan tajriba almashish imkonini beradi.
Forum doirasida onkologiya, shoshilinch tibbiy yordam, mutaxassislar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda panel muhokamalari va “B2B” muzokaralari o‘tkazildi.
Muloqot davomida ikki mamlakat klinikalari va shifoxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
***

Shuningdek, ushbu nufuzli forum doirasida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va “Bertin Technologies” hamda “DMS Imaging” kompaniyalari vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ikki tomon uchun ham potensial hamkorliklarni o‘rganish imkoniyatini taqdim etdi.
“Bertin Technologies” tibbiy uskunalar ishlab chiqarishda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash bilan tanilgan, xavfsizlik va sog‘liqni saqlash sohalarida yuqori sifatli yechimlar yaratishda yetakchi hisoblanadi. “DMS Imaging” esa tibbiy tasvirlash tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va o‘zining zamonaviy uskunalari bilan dunyo bo‘ylab tibbiy muassasalarga xizmat ko‘rsatadi.
Har ikki kompaniya o‘z faoliyatlari va ishlab chiqarayotgan tibbiy uskunalari haqida to‘liq ma’lumot berdi. Agentlik direktori o‘z navbatida, ularning uskunalarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish va investitsiya kiritishdagi imtiyozlar haqida so‘zlab, mintaqaning mahsulotlar bozori uchun katta salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Agentlik matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, uchrashuv yakunida barcha tomonlar ma’lumot almashish va kelajakdagi loyihalar ustida hamkorlikni o‘rganishga rozilik bildirdi.
***

Milliy tibbiyot markazida galdagi jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Professor A’zam Bobojonov boshchiligidagi jarrohlik jamoasi 3 yildan beri jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorga 21 yoshli qizining jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazdi.
Markaz matbuot xizmati xabarida aytilishicha, donor va bemorning ahvoli yaxshi, shifokorlar ularning sog‘ligini doimiy nazorat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu yutuq faqat tibbiy muvaffaqiyat emas, balki insoniy fidoyilik va oilaviy mehr-muhabbatning yorqin namunasidir.
***

Yaponiya farmatsevtika va tibbiy buyumlar agentligi (PMDA) mezbonligida o‘tayotgan Xalqaro tibbiy buyumlarni tartibga soluvchi organlar 27-forumida IMDRFning boshqaruv qo‘mitasi a’zolari – Amerika qo‘shma shtatlari, Avstraliya, Rossiya, Braziliya, Kanada, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, shuningdek, tashkilotga a’zo 50 ga yaqin hamkor davlatlarning regulyator organlari vakillari ishtirok etmoqda. Ular qatorida O‘zbekiston Milliy regulyator organi – Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligida Markaz delegatsiyasi ham bor.
Vakillarimizning ushbu ishtiroki mamlakatimiz milliy farmatsevtika tizimini modernizatsiya qilish, tibbiy buyum va tibbiy texnikalar xavfsizligini ta’minlash shuningdek, O‘zbekistonning regulyator tizimining global standartlarga integratsiyalashuvini jadallashtirish va xalqaro hamjamiyatda mamlakatimiz nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA