Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi delegatsiya Moldovaga tashrif doirasida Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi rahbari Dragosh Gutsu bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (Agentia Medicamentului si Dispozitivelor Medicale) 2007 yilda tashkil topgan bo‘lib, mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tartibga solish, shuningdek, xavfsizlik va sifat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organi hisoblanadi.
Yakunda ikki mamlakat farmatsevtika sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni milliy tizimlarga joriy etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, ilmiy va texnik taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
***
Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha O‘zbekiston va Misr Arab Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi rahbariyati, Misr tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi, Arab dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish kompaniyasi boshqaruvi raisi hamda Misr dori vositalari boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda tomonlar farmatsevtika mahsulotlarini tartibga solish, dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalarning xavfsizligini ta’minlash, hamkorlikda tadqiqot olib borish va farmatsevtika sanoatida innovatsiyalarni joriy etish kabi muhim masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, Misr Arab Respublikasining farmatsevtika sanoatidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish, ikki davlat o‘rtasida ilmiy-tadqiqot hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish hamda farmatsevtika mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
***
Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasidagi sanitariya va fitosanitariya shartlari to‘g‘risida Jahon savdo tashkiloti a’zo davlatlarni xabardor qilish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, qoidalar, nizomlar to‘g‘risida Jahon savdo tashkiloti a’zo davlatlarni muntazam xabardor qilishni ta’minlash; sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari to‘g‘risidagi loyihalarni e’tiroz va takliflar olish uchun JST a’zo davlatlariga yuborish; JST a’zo davlatlarining e’tiroz yoki takliflari va qarshiliklari asosida chora-tadbirlar loyihalarini qayta ishlash uchun tashabbuskor vakolatli davlat organlariga kiritish; JST a’zo davlatlar va manfaatdor tomonlarning asoslangan so‘rovlariga javoblar yuborish.
***
Milliy tibbiyot markazi kardioxirurglari Nijniy Novgorod shahridagi Yurak-qon tomir jarrohligi markazi mutaxassislari bilan birgalikda miniinvaziv aorta-koronar shuntlash amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu usulning asosiy afzalliklari shundaki, jarrohlik ko‘krak qafasini to‘liq ochmasdan, kichik kesmalar orqali amalga oshiriladi. Bemorlarda operatsiyadan keyingi tiklanish muddati an’anaviy usullarga qaraganda qisqaroq. Amaliyot bemor organizmiga kamroq ta’sir ko‘rsatadi, bu esa infeksiya va boshqa asoratlar xavfini kamaytiradi. Katta kesma izlarining yo‘qligi bemorlar uchun qulaylik yaratadi.
Bu yondashuv zamonaviy tibbiyot texnologiyalarining milliy amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganining yorqin namunasi bo‘lib, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda yangi imkoniyatlar yaratadi.
***
Buxoro viloyatining Peshku va Qorako‘l tumanlarida bir oy davomida faoliyat olib borgan MDHda yagona bo‘lgan mobil angiograf apparati o‘z ishini muvaffaqiyatli nihoyasiga yetkazdi.
So‘nggi 15 kun davomida Qorako‘l tumanida 500 nafardan ortiq bemor koronagrafik tekshiruvdan o‘tkazildi. 64 nafar bemor aorto-koronar shuntlash amaliyotiga tavsiya etildi. 47 nafar bemor Respublika yurak-qon tomir kasalliklari markaziga davolash uchun yo‘naltirildi. 70 nafar bemor stent qo‘yish va ochiq jarrohlik amaliyotlari uchun Toshkent va Samarqand viloyatlariga elektron yo‘llanmalar orqali yuborildi.
Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati Milliy tibbiyot markazi mutaxassislariga samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida doimiy hamkorlik qilishini ta’kidladi. Tibbiy xizmat ko‘rsatgan shifokorlarning mashaqqati e’tirof etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA