Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Mamlakatimizda majburiy raqamli markirovkalanadigan dori vositalari ishlab chiqaruvchi 69 ta mahalliy korxonaning barchasi «Asl belgisi» mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi (MAT)ga ulandi hamda o‘z mahsulotlarini raqamli markirovkalangan holda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Shu bilan birga, bugungi kunda amalda faoliyat yuritayotgan, litsenziyaga ega bo‘lgan dori vositalarini ulgurji realizatsiya qiluvchi 468 ta korxonadan 395 tasi ) «Asl belgisi» mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimiga ulandi. 73 ta korxonada ulanish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qiluvchi, litsenziyaga ega bo‘lgan 8 239 ta korxonalardan 6994 tasi «Asl belgisi» mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimiga ulangan bo‘lib, 1245 ta korxonada ulanish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi tegishli qaroriga asosan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni guruhlarga bo‘linishini nazarda tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022-2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilish belgilangan.
***
Davlatimiz rahbarining shu yil 17 oktyabrdagi tegishli farmoniga asosan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 50 yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlar mukofotlangan edi.
Ular safida onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy shifokor Adelina Lyubchich ham “Sog‘lom avlod uchun” ordeniga munosib ko‘rilgan edi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi D.Sultanov mamlakatimizning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi mas’ullari hamrohligida ayni paytda Moskva viloyatining Krasnogorsk shahrida istiqomat qilayotgan A.Lyubchichga mazkur mukofotni davlatimiz nomidan topshirdi.
O‘z navbatida, faxriy shifokor bunday yuksak e’tibor va rag‘bat uchun Prezidentimizga alohida minnatdorlik bildirdi.
***
“Bolalarga bering dunyoni!” salomatlik aksiyasi doirasida Bolalar milliy tibbiyot markazining nevrolog va kardiolog shifokorlari tomonidan Namangan viloyatida panensefalit tashxisi qo‘yilgan 28 nafar bemor uchun maxsus tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Bu tashabbus mazkur kasallikka chalingan bolalarni aniqlash va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshirildi.
Respublikaning barcha hududlarida shifokorlar bemorlarning ahvolini joyida o‘rganib, zarur tibbiy ko‘rsatmalar bermoqda. Gospitalizatsiyaga ehtiyoj sezilgan holatlarda, bolalar Bolalar milliy tibbiyot markazining nevrologiya bo‘limiga joylashtirilib, ularga yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
***
Oziq-ovqat mahsulotlari ustidan doimiy nazorat tadbirlarini olib borish orqali, ko‘plab iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan mahsulotlar savdosiga chek qo‘yish hamda aholi o‘rtasida o‘tkir yuqumli ichak va parazitar kasalliklar hamda ommaviy zaharlanishning oldini olishga erishilmoqda.
Jumladan, Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Bektemir tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan Qo‘yliq dehqon bozori hududida faoliyat yuritayotgan sotuvchilarni amaldagi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda maxsus kiyimlarda faoliyat olib borishlari, davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik holati va savdodagi oziq-ovqat mahsulotlarining sifati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida organoleptik xususiyatlari buzilgan 18 kg. banan, 16 kg. mandarin, 15 kg. nok, 21 kg. miqdoridagi karam tuzlamasi iste’molga yaroqsiz deb topildi va savdodan olinib, o‘rnatilgan tartibda brakeraj qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA