Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri. Davlatimiz rahbari ushbu soha rivojiga alohida e’tibor qaratib kelayotgani ham uning naqadar muhimligini isbotlaydi.
Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemor hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li transplantatsiya amaliyotini o‘tkazish hisoblanadi. Tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan Milliy tibbiyot markazida ham tajribali shifokorlar tomonidan jigar transplantatsiya amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu sohani yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida ayni paytda Milliy tibbiyot markazining bir guruh shifokorlari Hindistonning Nyu Dehli shahrida safarda bo‘lib turibdi. Shinon kompaniyasi klinikasiga jigar transplantatsiyasi kursi bo‘yicha malaka oshirayotgan shifokorlarimiz transplantatsiya sohasini takomillashtirish borasida tajriba orttirib qaytadi.
***
Farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘z ona tilini mukammal bilishlari bilan bir qatorda bir nechta xorijiy tillarni bilishi va muloqot qila olishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida markaz xodimlarining ingliz tilini o‘zlashtirish darajasini oshirish maqsadida "Debate club" tashkil qilindi.
Haftaning har chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan muloqotda xodimlar o‘z faoliyatidagi so‘ngi yangiliklar, ilmiy tadqiqotlar, sohaga doir qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ingliz tilida gapirib o‘zaro fikr almashadi.
Bu esa mutaxassislarning ingliz tilini o‘zlashtirishi va erkin suhbat qurishida muhim ahamiyat kasb etadi.
***
Aholi o‘rtasida kasalliklarning oldini olishda profilaktik uchrashuvlarning ahamiyati katta hisoblanadi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi «Katta oqtepa» mahallasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, KOFIH fondi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda onkologik va yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish va diagnostika salohiyatini kuchaytirish loyihasi» doirasida seminar-trening o‘tkazildi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA