Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni hamda qaroriga asosan joriy yilning 9 avgustida Sog‘liqni saqlash vazirligining «Tibbiyot mutaxassislarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan xorijda o‘qitish, malaka oshirish (stajirovka o‘tash) va qayta tayyorlash, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishni tashkil etish choralari to‘g‘risida»gi buyrug‘i qabul qilindi.
Unga muvofiq hududlarda tor sohadagi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 200 nafar bitiruvchisini magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda markazlarida o‘qitish, sog‘liqni saqlash tizimidagi davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini xorijda malaka oshirish (stajirovka) va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi.
Shuningdek, ularning o‘qitilishi, malaka oshirishi va tajriba almashishini respublikada amalga oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Singapurning «Esco Micro» kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida kompaniya tomonidan laboratoriya jihozlarini yetkazib berish, ularga xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish, kelajakda ildiz hujayralariga ixtisoslashgan laboratoriyalar tashkil etish, «in vitro» urug‘lantirish markazlarini yaratish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikda ishlab, qator loyihalarni belgilangan tartibda amalga oshirishga kelishib oldi.

***
Milliy tibbiyot markazida hamshiralar uchun navbatdagi o‘quv amaliy seminari tashkil etildi. Unda qo‘l yuvish texnikasi va mohiyati, EKG olish texnikasi, angiokart qo‘yish va vena ichiga in’eksiya qilishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish haqida so‘z bordi.
Hozirda Markazda 230 nafarga yaqin hamshira faoliyat olib borib, bunday tadbirlar ularning bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

***
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktorning o‘rinbosari U.Kandimov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmalarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga tayyorgarlik ishlarini o‘rgandi.
Elektron poliklinika, tibbiy brigadalar, shifokor oldi ko‘ruv xonalarining faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA