Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Poytaxtimizda BMTning Bolalar jamg‘armasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan vazirlik matbuot xizmati va OAV xodimlari uchun seminar tashkil etildi.
Seminar go‘daklarni 6 oygacha istisnosiz ko‘krak suti bilan parvarishlashni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan o‘tkazildi. Soha vakillarining bu boradagi bilim hamda tushunchalarini boyitishga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda ommaviy targ‘ibotning ahamiyati katta.
Tabdirni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova hamda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari G.Ijumba kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng soha vakillarining mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglandi.
***
Ibn Sino nomli shahar 1-sonli klinik shifoxonasida rossiyalik professor ishtirokida bariatrik xirurgiya bo‘yicha master-klass bo‘lib o‘tdi. Oliy toifali bariatrik xirurg Kalinichenko Anatoliy tomonidan ikki kun davomida semizlik va qandli diabet bo‘yicha muammolari bor bemorlarda operatsiya o‘tkazildi.
Ushbu master-klasslarda 20 ta xirurg ishtirok etib, amaliy bilimlardan tashqari nazariy bilimlarga ham ega bo‘ldi.
***
Tailandning «Samitivej Chinatown Hospital« kompaniyasi direktori Surangkana Techapeyitun janoblari boshchiligidagi delegatsiya Bolalar milliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari markaz ilmiy va kadrlar salohiyati, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda moddiy texnik bazasini ko‘zdan kechirdi. Yakunda esa, ikki yirik markaz rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdi.
***
Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov Xitoyning "BGI Group" kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida genetik tekshiruvlar sohasida keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, kadrlar salohiyatini oshirishda ikki davlat tajribasini o‘rganish va yana bir qator masalalar xususida so‘z yuritildi.
***
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Sergeli tuman bo‘limi bilan xususiy tadbirkorlik faoliyatidagi shifoxonalar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida laborator tekshiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shifoxona ichi kasalliklarini oldini olish, markaziy sterilizatsiya hamda dezinfeksiya tadbirlari samarasini aniqlash, muassasalarning sanitariya holatini tartibga keltirish maqsadida bakteriologik laborator tahlillar uchun surtma namunalari olinib, tekshiruvlar o‘tkazildi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Rossiyaning "RAFARMA PHARMACEUTICALS" kompaniyasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekiston hududida saratonga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish va tibbiyot muassasalariga ularni innovatsion usullar bilan yetkazib berish bo‘yicha taklif va rejalari o‘rganildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori tomonidan xorijiy kompaniyaga agentlik faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika sohasining investitsiyaviy salohiyati va mutaxassis-kadrlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
***
Eronning "BMA" ("Behboud Modiriat Arman Afzar Co") kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Ilmiy-tadqiqot institutlarining faoliyati va institutlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy innovatsion va amaliy ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, ToshVZITI va O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan biopreparatlar, dorivor o‘simliklar asosida dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilinib, ilmiy-tadqiqotlar olib borishga kelishildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA