Har yili 12-may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan yurtimiz o‘rta tibbiyot xodimlari orasidan eng yaxshi hamshiralarni saralab, ularni rag‘batlantirib borish an’anaga aylangan.
Joriy yilda ham «Hamshira – 2024» Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, unda hamshiralar turli shartlarda bellashdi, o‘z bilim va mahoratlarini namoyon qildi.
Tanlov g‘oliblari bugun poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan bo‘ladigan tantanali tadbirda taqdirlanadi.
***
Poytaxtimizda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan «Neonatologiyada yangi ufqlar» mavzusida xalqaro mutaxassislar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda yetuk soha vakillari, jumladan, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika perinatal markazi, yurtimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida mahalliy mutaxassislar Germaniya, Ispaniya, Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan kelgan ekspertlar bilan neonatologiya sohasidagi yutuqlar, muammolarni yechish usullari, ilmiy izlanishlar va ularni amaliyotga joriy qilish borasida fikr almashdi.
***
Shu yilning 17-18-may kunlari Buxoro shahri «Ayollar salomatligi: ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni skriningi va profilaktikasi» mavzusidagi O‘zbekiston onkolog va radiologlarining XX konferensiyasiga mezbonlik qiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Daniya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Hindiston kabi 10 dan ziyod davlatlarning yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etadi.
Konferensiyada soha oldida turgan muhim masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashilib, uning yechimlariga doir yangi tashabbus va amaliy takliflar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari tomonidan Jizzax viloyatida salomatlik aksiyasi tashkil etildi.
Aksiya doirasida 200 dan ortiq bemor bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazida Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi (KOFIH) ko‘magida Yonsey universiteti delegatsiyasi tomonidan tashkil etilgan seminarda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan loyiha doirasida boshqaruv salohiyatini oshirish bo‘yicha fond loyihasi natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, JCI xalqaro akkreditatsiyasiga muvofiq sifat va bemorlar xavfsizligi standartlarini joriy etish va boshqarish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
JCI xalqaro akkreditatsiyasiga muvofiq tibbiy tashkilotlarda sifat va bemorlar xavfsizligining xalqaro standartlarini joriy etish va boshqarish yuzasidan delegatsiya fikri tinglandi.
***
«Bolalarga bering dunyoni!» salomatlik aksiyasi doirasida farg‘onalik bemor bolalar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan 4 nafar bolada yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA