Tibbiyot sohasi aholiga yaqinlashtirilmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yillik shodiyonalari davom etayotgan ayni damlarda o‘tgan tarixan qisqa davrda barcha sohalarda erishgan yutuq va natijalarimiz sarhisobini qilar ekanmiz, zabt etilgan marralardan ko‘ngil quvonadi.
Istiqlol nafasi yurtimizga, xalqimizga har jihatdan yuksalish pillapoyalarini in’om etganidan shukrona aytamiz. Bugun yurtdoshlarimiz mustaqillik sharofati bilan har bir soha va yo‘nalishda yengillik va qulayliklar yaratilganini o‘z hayoti, kundalik turmushi misolida his qilmoqda.
Birgina sog‘liqni saqlash tizimini oladigan bo‘lsak, sohani yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini saqlash borasida muhim va hayotiy islohotlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari soha rivojiga alohida e’tibor qaratib, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni qondirish, qulay sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlamoqda.

Mazkur tizimda olib borilayotgan ishlar va erishilgan natijalar xususida asli kasbi shifokor bo‘lgan parlament quyi palatasi deputati Qizilgul Qosimova quyidagilarni ta’kidladi:
—O‘tgan davrda sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilinib, mamlakatimizda tibbiyot muassasalaridan tortib, kadrlar faoliyatigacha bo‘lgan jarayon yangi tartibda o‘zgardi, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash tizimining xizmatlar qamrovini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2017-2021 yillarda investitsiya dasturlari doirasida sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 62 ming 644 o‘rinli 1 ming 370 ta tibbiyot muassasasida 7,2 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Sog‘liqni saqlashni isloh qilish davlat dasturlari amalga oshirilishi tufayli mamlakatimizda yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning prinsipial jihatdan yangi tizimi tashkil etildi. Yaqin 5-6 yil ilgari ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish asosan Toshkent shahrida jamlanishi respublika mintaqalari aholisining tegishli xizmatlardan foydalanishini cheklab qo‘yayotgandi.
Bugun esa ushbu markazlar soni 10 tadan 24 taga, ularning hududiy filiallari 2 tadan 270 taga oshirildi. Natijada markazlar tomonidan amaliyotga tatbiq qilingan yangi tashxislash va davolash usullari soni 260 tadan 2 ming 84 taga oshdi. Shuningdek, joylarda xirurgiya yo‘nalishida qo‘shimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada 14 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar joriy etilgan.
Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ham o‘zimizda amalga oshirilayotgani xorijga sarson bo‘lib borishlarni bartaraf etmoqda. Bu borada xorijiy yoki Respublika markazlarining mutaxassislari bilan teletibbiyot orqali maslahat, konsultatsiyalar olib borilmoqda. Teletibbiyot orqali hududlarda maslahat berilgan bemorlar soni 2020 yilda 8 ming 952 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 25 ming 231 tani tashkil qildi.
Bundan tashqari, sohani xalqimizga yanada yaqinlashtirish maqsadida hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar tarmog‘ini yanada kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil boshidan buyon 46 ta oilaviy shifokor punkti va 35 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilib, 250 ming nafar aholiga birlamchi tibbiyot yaqinlashtirildi. 2023-2024 yillar davomida qo‘shimcha 1 ming 373 ta tibbiyot muassasalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Natijada 90 foiz mahallada eng yaqin tibbiyot muassasasigacha bo‘lgan masofa 3 kilometrgacha va 10 foiz mahallada 5 kilometrgacha bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar, sohadagi islohotlar yangi hayot, Yangi O‘zbekiston uchun!
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
yozib oldi.