Munosabat
Sog‘liqni saqlash har qanday davlat uchun milliy xavfsizlik va barqaror rivojlanishning asosiy ustunlaridan biridir. Jamiyatning intellektual va iqtisodiy salohiyati, eng avvalo, inson salomatligi bilan chambarchas bog‘liq.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog‘liqni saqlash sohasini transformatsiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida birlamchi tibbiy yordamdan tortib, ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatigacha bo‘lgan butun tizim qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu jarayonda faqat infratuzilmani emas, balki boshqaruv, moliyalashtirish, kadrlar siyosati va tibbiy xizmat sifatini ham tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2025 yil 19 sentyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan Prezidentga taqdim etilgan hisobotni mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning navbatdagi muhim bosqichi sifatida e’tirof etish mumkin. Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar va berilgan topshiriqlar orqali, davlat siyosatining inson salomatligini ta’minlashga qaratilgan aniq va tizimli yondashuvi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning xalqaro tajribaga asoslangan va tibbiyotni aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi modelini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu asosda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, mahalla tibbiyot punktlari yagona yondashuv asosida rivojlantirilmoqda.
Oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish, tibbiyot xodimlari ish yuklamasini qariyb 30 foizga kamaytirish va raqamlashtirish orqali hujjat aylanmasini qisqartirish kabi choralar samaradorlik va insonparvarlik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan. Qolaversa, yangi tizim tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni ularning natijadorligiga bog‘lashni ham nazarda tutadi.
Shuningdek, Prezident yig‘ilishda ixtisoslashgan tibbiy yordam sifati, boshqaruv samaradorligi va kadrlar tayyorlash tizimidagi muammolarga alohida to‘xtaldi. Mamlakatimizdagi ilmiy-amaliy markazlar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanayotgan bo‘lsa-da, ularning aksariyatida xizmat sifati pastligi, navbatlarning uzoqligi kabi muammolar saqlanib qolmoqda.
Shu munosabat bilan respublika ixtisoslashtirilgan klinikalarining faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi. Ularga professional boshqaruv va zamonaviy menejment joriy etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish taklif etildi. Turkiyalik menejerlar tomonidan boshqarilayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli tajriba sifatida qayd etildi.
Ayni vaqtda milliy klinik protokollarni yangilash va xalqaro standartlar asosida diagnostika-davolash tizimini qayta tashkil etish ishlari davom etmoqda. Bu borada 400 ta protokol yangilandi, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich ikki baravar oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida uch mingdan ortiq tibbiy xizmat uchun tariflar metodologiyasi ishlab chiqilmoqda.
Yig‘ilishda alohida e’tibor qaratilgan masalalardan yana biri – bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘ldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasi asosida 2030 yilgacha 6 oygacha bo‘lgan bolalarning kamida 70 foizini faqat ona suti bilan oziqlantirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Bu maqsadda mamlakatimizda Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilinadi. JSST va YUNISEFning xalqaro tashabbuslari, xususan, “Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam” konsepsiyasi joriy etiladi. Homilador ayollar va yosh onalar uchun ta’lim dasturlari, tibbiyot xodimlarini qayta o‘qitish kabi tadbirlar nazarda tutilgan.
Qonunchilikda ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklash, bolalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarilishi, importi va tarqatilishi yuzasidan me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish ham rejalashtirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan tibbiyot islohotlari inson salomatligini ustuvor qadriyat sifatida belgilagan yangi davlat siyosatining yorqin ifodasidir. Bu islohotlar orqali nafaqat tibbiy infratuzilma yangilanmoqda, balki boshqaruv, xizmat ko‘rsatish madaniyati va kadrlar tayyorlash tizimi ham mutlaqo yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Ushbu jarayonda parlament va deputatlik nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanish orqali islohotlar natijadorligini ta’minlash biz, deputatlar uchun ustuvor vazifa sanaladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA