Tibbiyot huquqi va raqamli transformatsiya (+video)
Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tibbiyot va salomatlik huquqiga bag‘ishlangan nufuzli ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda tibbiyot huquqini takomillashtirish masalalarini muhokama qilishga qaratildi.
Tadbirda tibbiyot huquqining bugungi kundagi eng muhim yo‘nalishlari keng muhokama qilindi. Xususan, inson organlari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish, reproduktiv texnologiyalar, surrogat onalik, genetik tadqiqotlar, shuningdek evtanaziya bilan bog‘liq huquqiy masalalar ilmiy nuqtai nazardan tahlil etildi. Shu bilan birga, bemor huquqlarini himoya qilish, shifokor xatosi va tibbiyot xodimlarining huquqiy himoyasi kabi dolzarb mavzularga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda Germaniyadan kelgan ekspertlar – Jerald Zander va Xans Yoaxim Rayx ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ularning ma’ruzalari tibbiyot huquqini rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, tibbiyot huquqi bugungi kunda jamiyatning raqamli transformatsiyasi sharoitida sog‘liqni saqlash tizimining qonuniyligi, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Mutaxassislar fikricha, kelgusida mazkur yo‘nalishda qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro tajribani keng joriy etish hamda innovatsiyalar va inson huquqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/L4_Fi9lsH6o?si=0wcxTslm8UnoOPHo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Salimjon Obidjonov, O‘zA