Buxoro davlat tibbiyot institutida ta’lim hamda tibbiyot sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida oliy o‘quv yurti 10 dan ortiq nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasasi, ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Institut endilikda Qozog‘istonning yana bir yetakchi oliy o‘quv yurti bilan muvaffaqiyatli kelishuvga erishdi.
Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti dunyo reytingida TOP-1000 talik ro‘yxatga kiritilgan. Ko‘lam va nufuzi jihatidan xalqaro miqyosda ham yetakchilar qatorida bormoqda. Ushbu oliy o‘quv yurti bilan imzolangan “Akademik mobillik dasturi” doirasida qozog‘istonlik sakkiz nafar professor Buxoro davlat tibbiyot institutiga o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi. Rejaga muvofiq, qo‘shni mamlakatdan kelgan olimlar bir hafta davomida talabalar, magistrlar hamda klinik ordinatura yo‘nalishi talabalariga mahorat darslarini o‘tishadi. Yangi ilmiy tadqiqotlarni olib borish masalasida o‘zaro tajriba almashishadi.
[gallery-16591]
Ma’lumot uchun: ushbu oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari so‘nggi besh yilda yanada rivojlandi. Unga ko‘ra, ta’lim va tibbiyotda talabalarining o‘quv jarayoni integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillikni yanada kengaytirish, o‘qituvchilar bilan mahorat almashishda yaxshigina natijalarga ham erishilmoqda. — Biz bu institut haqida universitetimiz bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlangandan so‘ng yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik, - deydi Qozog‘iston milliy universiteti dotsenti Aida Kistaubayeva. — Ushbu tibbiyot oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda 4-o‘rinni egallayapti. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Qolaversa, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar talabalarga sifatli ta’lim berish uchun katta ahamiyatga ega. Shu joyning o‘zida simulyatsiya markazi tashkil qilingani ham eng ilg‘or tajribalarga asoslangan. Bizning oliygohimiz Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan aloqalarni mustahkamlab borayotgani har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonaman.
E’tiborli jihati, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida endilikda yangi magistratura yo‘nalishi, qo‘shma ta’lim dasturi asosida Bakteriologiya va virusologiya mutaxassisligi ochilishi ham bugun yurtimizda malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga xalqaro darajadagi magistrlik diplomi berilishi nazarda tutilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari