Tibbiy ta’lim yo‘nalishida xalqaro hamkorlik
Ispaniyaning ADEMA universitetida Toshkent davlat stomatologiya instituti filiali ochilgani haqida xabar bergan edik.
Ana shu hamkorlik doirasida “Dunyo mamlakatlari madaniy marafoni: O‘zbekiston – Ispaniya” madaniy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi. Unda Yoshlar ittifoqi institut qanoti faollari, “Ispan tili klubi” kursantlari, professor-o‘qituvchilar hamda ADEMA universiteti vakillari ishtirok etdi.
Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov Prezidentimiz tashabbusi bilan 30 iyul “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida e’lon qilingani turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar, do‘stona rishtalarning mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining rivojlangan Yevropa davlatlaridagi ilk filiali hisoblangan mazkur hamkorlik natijasida har ikkala oliy ta’lim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagogni dars mashg‘ulotlariga jalb etish ko‘zda tutilgan. Stomatologiyaning oltita yo‘nalishi bo‘yicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qitish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslarida tahsil oladi.
Ispaniyaning mazkur universiteti 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Balear hukumati tomonidan boshqariladi. bugungi kunda 18 mingdan ortiq talaba ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ta’lim oladi. Universitet qoshidagi 7 ta ilmiy laboratoriyalarda biologiya, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda san’atkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA