“THE” xalqaro reyting agentligi e’tirofi
Oliy ta’lim tizimida universitetlarda ta’lim sifatining oshirilishi, xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lishi, shuningdek, jahonning top universitetlari reytingidan munosib o‘rin egallashi xalqaro reytinglardagi faol qatnashuvi bilan bevosita bog‘liq.
Hozirgi kunda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ham jahondagi yirik xalqaro reytinglar, xususan, QS (Quacquarelli Symonds) va THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting agentliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ydi va unirversitet bo‘yicha Times Higher Education Impact Ranking, Times Higher Education World university Ranking, QS World University Ranking yo‘nalishlarida qatnashish uchun ma’lumotlar taqdim etdi.
Universitetda sifatli ta’lim berish, gender tengligini ta’minlash, munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sishni yo‘lga qo‘yish, tinchlik, adolat va samarali boshqaruvni amalga oshirish, barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois Times Higher Education Impact Rankingning ushbu yo‘nalishlaridagi reytingida qatnashmoqda. TDSHU Filologiya va tillarni o‘qitish, ijtimoiy va gumanitar fanlar, xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti kabi fan yo‘nalishlariga chuqur ixtisoslashgani uchun QS World University Rankings hamda Times Higher Education World university Ranking ning Arts and Humanities, Social Sciences va Business and Economics yo‘nalishlari reytingda qatnashuvni yo‘lga qo‘ydi.
Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishini maqsadli tayyorlash ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining salohiyati va o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish, bu asosda reytinglarga kirishini ta’minlash asosiy vazifa etib belgilangan. Kuni kecha, Times Higher Education reyting agentligi tomonidan Impact Ranking 2022 natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, TDSHUda yillar davomida amalga oshirilgan ishlar munosib e’tirof etildi. Bu e’tirof universitet jamoasini yanada yuqori marralar, yuksak maqsadlar sari chorlaydi.
N.Imamova,
TDSHU bo‘lim boshlig‘i. O‘zA