The Times of Central Asia: Trampning Markaziy Osiyoga safari O‘zbekistondan boshlanishi mumkin
Vashingtonning Markaziy Osiyoga e’tibori kuchaymoqda. AQSH Prezidenti Donald Trampning O‘zbekistonga kelish istagi haqidagi bayonot esa mintaqadagi diplomatik raqobatga yangi mazmun berdi.
Trampning maxsus vakili Paolo Zampolli “O‘zbekiston-24” telekanaliga bergan intervyusida AQSH Prezidenti O‘zbekistonga borishni xohlayotgani bildirilgan.
– Bu haqda menga shaxsan aytdi, – degan Zampolli.
Qozog‘iston ham Vashington bilan muloqotda shunday tashabbusni ilgari surmoqda. 2025-yil noyabridagi “Markaziy Osiyo – AQSH” sammitida Tramp Qozog‘istonga borish ehtimolini ham istisno qilmagan edi. Qolaversa, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev Amerika yetakchisini o‘z davlatlariga rasmiy ravishda ham taklif qilgan.
Ikki davlatning Vashington uchun ahamiyati turlicha. Qozog‘iston neft, uran va muhim mineral zaxirasi, shuningdek Xitoy bilan Yevropani bog‘lovchi O‘rta yo‘lakdagi o‘rni bilan ajralib turadi. Lokomotiv ishlab chiqarish va volfram konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yirik kelishuvlar mavjud.
O‘zbekiston esa qariyb 39 million aholisi va Markaziy Osiyoning barcha to‘rt davlati bilan chegaradoshligi tufayli mintaqaviy hamkorlikda muhim ahamiyat kasb etadi. AQSH bilan iqtisodiy aloqamiz tobora kengaymoqda. “Uzbekistan Airways” 22 ta “Boeing 787-9” samolyotiga buyurtma bergan. Sheriklik muhim minerallar, sun’iy intellekt va sanoat loyihalarini ham qamrab olmoqda.
Respublikamizning yana bir ustunligi – tarixiy-madaniy meros. Samarqand va Buxoro asrlar davomida islom olamining ilm-fan va savdo markazi bo‘lib kelgan. Demak, bo‘lajak tashrifning nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki madaniy-diplomatik ahamiyati ham yuqori.
Ayni payt Samarqandda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo – AQSH” vazirlar uchrashuvida Davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etishi ma’lum qilingan. Qo‘shma Shtatlarning 100 dan ziyod kompaniyasi vakillarini birlashtirishi kutilayotgan delegatsiya tashrifi iqtisodiy hamkorlik kun tartibini yanada kengaytirishi shubhasiz.
Hozircha Trampning O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi rasman belgilanmagan. Shu bois qaysi davlat AQSHning amaldagi Prezidentini birinchi bo‘lib qabul qilishi haqida xulosa qilishga erta. Faqat bir fakt – ikki qardosh davlatning Vashington bilan aloqasi faollashayotgani aniq.
Musulmon Ziyo, O‘zA