“Tezkor boshqaruv markazi” ishga tushdi
Prezident topshirig‘i amalda
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida joylarda elimiz manfaati va hududlar infratuzilmasiga xizmat qiluvchi bir qator ijtimoiy, iqtisodiy ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.

Jumladan, Namanganda viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “Tezkor boshqaruv markazi” foydalanishga topshirilganligi, avvalo, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutasaddilari, soha faxriylari, jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tantanali tadbirda mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlik, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi eng ustuvor vazifa sifatida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Viloyatdagi mahallalar kesimida yangicha ishlash mexanizmlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni yaxshilash, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida va qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida “Huquq tartibot maskan”lari barpo etildi. Viloyat IIBda tashkil etilgan “Tezkor boshqaruv markazi” esa bu boradagi kompleks tadbirlarning mantiqiy davomidir.
Viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyev taqdimot ishtirokchilariga markazdagi navbatchilik qismi, 102 tizimi va situatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirib, yangi majmuaning keng imkoniyatlari hamda jinoyatchilikni oldini olishdagi vazifalari haqida ma’lumot berdi.

– Tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik masalasi nechog‘li dolzarb va o‘ta muhimligini bugungi davr, tahlikali dunyodagi vaziyatni o‘zi yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayni shu kezda mamlakatimizda fuqarolarning osuda hayotini ta’minlash birinchi navbatdagi ustuvor vazifaga aylanganligi e’tiborga molik, – deydi ichki ishlar tizimi faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik Olimjon Xudoyberdiyev. – Sohada 35 yil mehnat qilgan, rahbarlik lavozimlarida ish olib borgan mutaxassis sifatida e’tirof etishim kerak, situatsion markaz hozirgi davr talabiga javob beradi. Biz ishlagan paytda mashinalarimiz barmoq bilan sanarli, aloqa va texnik, qurol vositalarimiz yuki og‘ir edi. Bu esa huquqbuzar shaxsini aniqlash va qidirib topishga kunlab, hatto oylab vaqt ketardi. Hozirda bu yumushni bir zumda amalga oshirish mumkinligini markaz kuzatuv moslamasida amalda ko‘rib, guvohi bo‘ldik.


Darhaqiqat, 12,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo qilingan markaz so‘ngi zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan. Unga “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi integratsiya qilinib, 700 tadan ortiq kuzatuv kameralari ulangan. Bu o‘z navbatida, viloyat shahar va tumanlarida, chekka va olis qishloqlarda ham jamoat tartibini ta’minlash, yo‘l harakati xavfsizligini tartibga solish, yuz berishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning tezkor oldini olish bo‘yicha samarali nazorat o‘rnatilishini ta’minlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA