Tibbiyotning muhim va strategik tarmoqlaridan biri tez tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi bo‘lib, uning qanchalik samarali va sifatli ishlashi eng avvalo, inson salomatligini saqlash natijadorligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning 2022 yil 16 iyunda qabul qilingan “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni yangi bosqichga ko‘tardi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan filialida uzluksiz ishlaydgan xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi yo‘lga qo‘yilganligi, “Call-markaz”, Namangan shahar tez tibbiy yordam markazi va inshootlari, avtomobil parki buning yorqin dalilidir.

Aytish kerakki, tez tibbiy yordam ancha yillardan beri sog‘liqni saqlash sohasida tarqoq bo‘lib, e’tibordan chetda qolayotgan edi. Hukumatimiz e’tibori tez tibbiy xizmatni zamon talablari asosida tashkil etish imkonini berdi. Soha oxirgi uch yilda tubdan o‘zgardi. Ilgari transport vositalari alohida avtokorxonaga, shahar tez tibbiy markazlari esa Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga, tumanlardagisi esa tibbiyot birlashmasiga bo‘ysungan. Boshqaruv tarqoqligi sababli ko‘p muammolar yuzaga kelgandi. Alohida mustaqil filial shakllantirilishi natijasida, yagona boshqaruv tizimiga asos solindi.

Ayni vaqtda Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan filiali viloyat markazidagi Obihayot mahallasi hududida aholi uchun qulay manzilda joylashgan bo‘lib, bu yerda filial hamda uning shahar tez tibbiy yordam bo‘limi ham bitta moslashtirilgan binoda birgalikda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Qolaversa, Yangi Namangan tumani Beruniy mahallasi hududida alohida joy ajratildi hamda unda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilandi.
Hozirda markazning hududiy filiallari va “Call-markaz”larni jihozlash, moddiy texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, markazning Namangan filialida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 avgustdagi tegishli farmoyishiga muvofiq, “Call-markaz” tashkil etilib, uning infratuzilmasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Viloyat bo‘yicha chaqiruv qo‘ng‘iroqlarini qabul qiluvchi “Call-markaz”da 40dan ziyod operatorlar tunu kun xizmat ko‘rsatadi. Ular kuniga yetti mingga yaqin chaqiruvlarni olib, bir daqiqa ichida shahar, tuman, qishloqlardagi tez tibbiy yordam brigadalariga yetkazmoqda.
– Endi, avval kuzatilgan yoqilg‘i-moylash, dori-darmon materiallaridagi yetishmovchiliklarga barham berildi. Natijada, chaqiruvlar bo‘yicha tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi o‘smoqda, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan filiali rahbari Adhamjon Irisboyev. – Tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida shakllantirilgan filial avtomatlashtirilgan vertikal boshqaruv asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa kuch va vositalarni bir vaqtda, bir maqsadga yo‘naltirish imkonini beryapti.
Tez tibbiy yordam brigadalari faoliyatida tezkorlik va sifatli tibbiy xizmatni ta’minlash maqsadida filialda ish olib boruvchi barcha brigada xodimlari planshetlar bilan to‘liq ta’minlangan. Tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash maqsadida filialga markazlashgan holda bugungi kungacha texnik muddati o‘tgan 81 ta “Damas” mashinalari o‘rniga yangi “Volkswagen Caddy” rusumli avtomobillarga almashtirildi. Mazkur tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga radioaloqa vositalari va “GPS-treker”lar o‘rnatildi. E’tiborlisi shundaki, ushbu reanomobillarni loyihalash va jihozlashda shifokor hamda bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishga e’tibor berilgan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 4 yuldagi “Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallarida tibbiy hisob hujjatlarini raqamlashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida markazning Namangan filialida shu yilning 10 iyulidan bir qator qog‘oz blank va jurnallardan voz kechilib, elektron dastur orqali ma’lumotlar almashinuvi ta’minlandi.
Masalan, aholidan tushayotgan chaqiruvlar “Call-markazi” operatorlari orqali elektron tizimda qabul qilinib, tez tibbiy yordam brigada shifokorlarining planshet qurilmalariga elektron tarzda uzatib berilmoqda. Bugungi kunda raqamlashtirish doirasida vazirlik binosida tashkil etilgan “Raqamli sog‘liqni saqlash” markaziga yagona “Call-markaz” xonalari videokuzatuv moslamalari integratsiya qilingan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA