Tez tibbiy yordam tizimida raqamlashtirish va zamonaviy yondashuvlar
Mamlakatimizda aholiga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ayniqsa, shoshilinch holatlarda fuqarolar hayoti va salomatligini asrash maqsadida tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va tibbiyot xodimlari malakasini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyuldagi PQ-283-son qarori asosida Respublika tez tibbiy yordam markazi hamda uning 14 ta hududiy filiali tashkil etilib, tizimda yagona vertikal boshqaruv yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda tizim tarkibida 14 ta hududiy filial, 184 ta stansiya, 40 ta podstansiya, 1 ming 489 ta tayanch punkti va 2 ming 872 ta tez tibbiy yordam brigadasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 3 ming 987 ta transport vositasi va 66 ming 802 nafar xodim bilan ta’minlangan.
So‘nggi o‘n yilda tez tibbiy yordam tayanch punktlari soni 818 tadan 1 ming 489 taga, brigadalar soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 872 taga yetkazildi.

Raqamlashtirish — tezkorlik va samaradorlik omili
Tez tibbiy yordam tizimida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va chaqiruvlarga tezkor javob berish imkonini bermoqda.
Xususan, dispetcherizatsiya, dori vositalari harakati, avtotransport boshqaruvi va favqulodda vaziyatlarni nazorat qilish jarayonlari raqamlashtirildi.
103 va 112 raqamlariga kelib tushgan chaqiruvlar elektron tizim orqali qabul qilinib, saralanadi hamda bemorga eng yaqin tez tibbiy yordam brigadasiga planshet orqali yuboriladi.
Buning natijasida chaqiruvni qabul qilish vaqti 6–8 daqiqadan 1–2 daqiqaga, chaqiruvni brigadaga yetkazish vaqti esa 10–20 daqiqadan 1–2 daqiqaga qisqardi. Toshkent shahrida tez tibbiy yordam mashinalarining yetib borish vaqti 20–30 daqiqadan 10–15 daqiqaga tushirildi.
Xizmat ko‘rsatishdagi kechikishlar ham 15 foizdan 8–9 foizga kamaydi. 2025-yilda tez tibbiy yordam tizimi DMED yagona sog‘liqni saqlash platformasi bilan integratsiya qilindi. Bu orqali bemorlarning tibbiy tarixi hamda “103” xizmatiga qilingan chaqiruvlar haqidagi ma’lumotlarni elektron almashish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, brigadalar harakatini real vaqt rejimida kuzatish va chaqiruvlar sifatini baholash imkonini beruvchi “Call-back” tizimi joriy etildi. Natijada aholidan kelib tushayotgan shikoyatlar 36 foizga kamaydi.
Chaqiruvlar hajmi ortib bormoqda
“103” xizmati aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, inson hayoti uchun hal qiluvchi bo‘lgan “oltin soat”da tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish samarali davolashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
2025-yilda tez tibbiy yordam xizmatiga 14 million 299 ming 948 ta chaqiriq kelib tushdi. Bu 2024-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 1 millionta ko‘p. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra esa “103” brigadalari tomonidan 7 million 876 mingdan ziyod chaqiruvga xizmat ko‘rsatildi.
Yangilanayotgan avtoparklar
Tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy va qulay transport vositalari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan tez tibbiy yordam tizimiga 1 mingta zamonaviy Volkswagen Caddy rusumli maxsus avtomobil yetkazib berildi.
2025-yildan ayrim hududlarda elektromobil tez tibbiy yordam mashinalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Buxoro shahrining sayyohlar gavjum bo‘ladigan hududlarida elektromobil tez tibbiy yordam xizmati 24/7 tartibida tashkil etildi. Bu kabi zamonaviy transport vositalari xizmatning tezkorligi va ekologik samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Kadrlar salohiyati — tizim samaradorligining muhim omili
Tez tibbiy yordam tizimida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda maxsus o‘quv va simulyatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Koreyaning Xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi — KOFIH grantlari doirasida zamonaviy simulyatsiya markazlari barpo etildi.
2022-yildan buyon qariyb 15 ming nafar shifokor, o‘rta tibbiyot xodimi, haydovchi va boshqaruv xodimining malakasi oshirildi hamda qayta tayyorlandi. Bunday o‘quvlar tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etish, xodimlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tez qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xalqaro tajriba va hamkorlik
Tez tibbiy yordam tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or yondashuvlarni milliy amaliyotga joriy etishga ham katta ahamiyat berilmoqda.
2025-yilda ilk bor xalqaro ishtirokda “Tez tibbiy yordamni tashkil etishning dolzarb muammolari” mavzusida Respublika s’ezdi o‘tkazildi. 2026-yil aprel oyida Nukus shahrida mazkur tadbirning mantiqiy davomi sifatida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda 10 dan ortiq xorijiy davlatdan mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi.
Xalqaro hamkorlik doirasidagi bunday tadbirlar tez tibbiy yordam sohasida ilg‘or tajribani o‘rganish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zamonaviy “103” — aholiga yanada yaqin xizmat
Bugun tez tibbiy yordam tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xizmat ko‘rsatishning yangi modeli shakllanmoqda. Raqamlashtirish, elektron monitoring, zamonaviy avtotransport, simulyatsiya ta’limi va xalqaro tajribaning joriy etilishi “103” xizmatining imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Brigadalarning dori vositalari bilan ta’minlanish darajasi ham oshirildi. Tez tibbiy yordamda qo‘llaniladigan dori vositalari turi 20 tadan 72 taga yetkazildi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlarning barchasi inson hayoti va salomatligini asrash, tibbiy yordamni har bir fuqaroga tez va sifatli yetkazishga qaratilgan. Bugungi “103” — bu faqat chaqiruv qabul qiladigan xizmat emas. U zamonaviy raqamli texnologiyalar, malakali mutaxassislar, yangilangan avtopark va elektron boshqaruv tizimiga asoslangan yaxlit tez tibbiy yordam tizimiga aylanib bormoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA