Tez tibbiy yordam: har bir chaqiruv muhim
Tez tibbiy yordam tizimi xodimlari faoliyati bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi mas’ullar Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo filialida bo‘ldi.
Sovuq ob-havo sabab, tez tibbiy yordam tizimi xodimlari yuklamasi, qisqa raqam orqali Call-markaziga murojaat qilayotganlar soni bir muncha oshgan. Murojaatlarning katta qismi yurak qon-tomir tizimi, o‘tkir infeksion kasalliklar bilan kasallangan kishilardan kelib tushmoqda. Bu esa e’tibor, tezkorlikni talab etadi. Bu jarayonda tizim xodimlariga munosib shart-sharoit, integratsiyalashtirilgan axborot tizimi zarur.
Dastlab, Guliston shahar tez tibbiy yordam muassasasi o‘rnida yangidan faoliyat boshlagan Respublika tez tibbiy yordam markazi, markaz uchun ajratilgan bino, uning ta’miri, zamonaviy Call-markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2022 yil iyul oyida tayyorlangan loyiha-smeta hujjati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bunga mahalliy byudjetdan 1,5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
So‘ng viloyat rahbari Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo filialida faoliyat ko‘rsatayotgan markaz, 21 ta post bilan tanishdi va postda navbatchilik asosida ishlayotgan tez tibbiy yordam xizmati xodimlari bilan suhbatlashdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA