Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Respublikaning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
–- Respublika tez tibbiy yordam markazining Sirdaryo filialidagi 11 ta podstansiyada 56 tayanch punkti tashkil etilib, ularda 85 ta tez tibbiy yordam brigadasi faoliyat olib boryapti,–deydi filial direktori Muzaffar Ismoilov.– Ushbu tizimning joriy etilishi natijasida chaqiruvni qabul qilish vaqti 6-8 daqiqadan 1-2 daqiqagacha,chaqiruvning tez tibbiy yordam brigadasiga uzatish vaqti Toshkent shahrida 10-20 daqiqadan 1-2 daqiqagacha, chaqiruvga yetib borish muddati poytaxtimizda 20-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha, hududlarda (olis, cho‘l zonalarni inobatga olgan holda) 10-40 daqiqagacha qisqardi.

Toshkent tajribasi asosida Sirdaryoda ham yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, tizimda uzoq yillar foydalanib kelingan, eskirib qolgan va zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmagan avtotransport vositalarining katta qismi zamonaviy “Volkswagen Caddy” rusumli beshinchi avlod mashinalariga almashtirildi.
Bu esa, tez tibbiy xizmat sifati oshishi, chaqiriqlar vaqti qisqarishi, qolaversa, tibbiyot tizimini aholiga yaqinlashtirish imkonini bermoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri