Tez kunlarda Farg‘onada “Prezident maktabi” ochiladi
Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida “Prezident maktabi” barpo etilayotgan bo‘lib, qurilish ishlari yakunlanmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bu yeda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.


Ikki gektardan ziyod maydonni egallaydigan ta’lim maskani 168 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Muhtasham o‘quv dargohi binosida o‘quv xonalari, laboratoriyalar, kutubxonalar, yotoqxona, o‘quvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilyapti. Sport zallari va maydonchalari, suzish havzasi eng yuqori xalqaro standartlarga uyg‘un shaklda bunyod etilmoqda va jihozlanmoqda. Maktab hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari zamon talablari darajasida tashkil etilmoqda.
Viloyat hokimi jarayonlarni tez va sifatli yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.


M. Sulaymonov,
O‘zA