Bugun, 1 may kuni soat 07:01 da Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Qo‘shbegi ko‘chasida joylashgan Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududidagi sintepon ishlab chiqarish sexida yong‘in ro‘y bergani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqoridagi manzildagi yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 07:04 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in 07:45 da o‘rab olingan va soat 08:09 da o‘chirilgan.
Yong‘in bartaraf etilgandan so‘ng, yong‘in joyini o‘rganish davomida ikki nafar fuqaroning jasadlari aniqlangan. Shuningdek, 5 nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan.

Yong‘in ishlab chiqarishda texnologik jarayonning buzilishi natijasida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.
Yong‘inni bartaraf etishga 11 ta asosiy, 6 ta maxsus turdagi yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan.
Yong‘in natijasida sexning tahminan 700 kv.m maydonda tomi, shifti va mahsulotlari yonib zararlangan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Voqea joyiga FVV rahbariyati, Toshkent shahar FVB boshlig‘i va tuman FVB rahbar xodimlari IIB, SSB, prokuratura mas’ul xodimlari chiqqan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA