“Texnopark”da ochiq eshiklar kuni
Andijon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Yoshlar texnoparkida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
Yoshlarning tahliliy fikrlashi, ularni ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon qilishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari, maktab direktorlari ishtirok etdi.
Tadbirda Andijon yoshlar texnoparki singari ilg‘or, innovatsion muassasalar mamlakatimiz taraqqiyoti, yoshlar kamoloti, ularning iqtidor va salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
[gallery-3872]
Umuman, Andijonda IT sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda yosh, malakali kadrlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, viloyatning tuman va shaharlarida “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari” tashkil etilganligi, shuningdek, barcha tuman va shaharlarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda 16 ta “Digital-School” tashkil etilganligi aytib o‘tildi.
Andijon yoshlar texnoparki direktori A.Yakubov ishtirokchilarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda kelgusida mazkur yo‘nalishda bajarilishi rejalashtirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi, shuningdek, ishtirokchilar texnoparkda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Turdiyev viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassis o‘qituvchilar bilan IT sohasini rivojlantirish, ilm-fan bo‘yicha o‘zaro tajriba va axborotlar almashish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirdi.
Hamkorlikda sohaga oid ilmiy-amaliy mavzularda uchrashuv, davra suhbatlari hamda ilmiy anjumanlar tashkil etish, iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsion loyihalarni saralash, ularni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilinadigan grant tanlovlariga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borishga, Andijon yoshlar texnoparki hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA