Texnologik metallar kombinatida oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining yangi bosqichi muhokama qilindi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligida vazirlik mas’ullari hamda metallurgiya, materialshunoslik, kimyo-texnologiya va muhandislik yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari Chirchiq shahridagi Texnologik metallar kombinatida bo‘ldi.
Tashrif davomida ishtirokchilar kombinatning ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlari, yangi investitsiya loyihalari hamda ilm-fan va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng vazirlik, kombinat va oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazilib, metallurgiya, materialshunoslik va kimyo-texnologiya yo‘nalishidagi kafedralarning filiallarini kombinat hududida tashkil etish, dual ta’lim dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyalarini tashkil etish, maqsadli qabul tizimini yo‘lga qo‘yish hamda kombinat xodimlari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga kombinat bilan hamkorlik bo‘yicha aniq "yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish, sohadagi dolzarb masalalarni ilmiy-tadqiqot mavzulariga aylantirish va belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Sherbek Islomov, O‘zA