Texnikum o‘qituvchilariga 209,4 million so‘m ustama mablag‘i undirib berildi
Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumining 13 nafar o‘qituvchisiga to‘lanmay kelingan 209 million 400 ming so‘m miqdoridagi ustama mablag‘lari undirib berildi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat adliya boshqaruviga mazkur ta’lim muassasasining bir guruh o‘qituvchilari murojaat qilgan.
Murojaat adliya boshqaruvining Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi tomonidan o‘rganilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirishga oid qaroriga muvofiq o‘qituvchilarga belgilangan 100 foizlik oylik ustama mablag‘lari joriy yilning yanvar oyidan buyon to‘lanmay kelinayotgani aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan Qashqadaryo viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida texnikumning 13 nafar o‘qituvchisiga tegishli bo‘lgan jami 209 million 400 ming so‘m ustama mablag‘lari to‘liq undirib berildi.
Qayd etilishicha, adliya organlari tomonidan fuqarolar hamda xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA