Ma’lumki, dor yo‘llaridan foydalanishda texnik talablarga to‘liq rioya etilishi insonlarning hayoti va salomatligini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.Shu sababli, mamlakatimizda mazkur attraksionlarning texnik holatini muntazam tekshirish va xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, kuni kecha Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi mas’ullaridan iborat ishchi guruh Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Langar” qo‘rg‘onida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan dor yo‘llarining texnik holati va amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini o‘rgandi.
Tekshiruv jarayonida mazkur hududdagi ikkita dor yo‘li texnik talablarga javob bermasligi va uskunalarda ayrim kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
O‘rganish paytida mazkur tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, texnik nosozliklar to‘liq bartaraf etilgunicha va qonuniy ruxsatnoma olingunicha dor yo‘llardan foydalanish qat’iy taqiqlandi.
– Attraksionlar, xususan, dor yo‘llarini foydalanishga topshirishda xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilish shart. Bu inson hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishning eng muhim kafolatidir. Navoiyda o‘tkazilgan tekshiruvlar aholining xavfsizligini ta’minlash va noxush holatlarni oldini olishga qaratilgan. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi aholini madaniyat va istirohat bog‘lari hamda ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan texnik nosoz yoki shubhali attraksionlarga duch kelganda “attraksion_nazorati” elektron mobil platformasi orqali murojaat qilishga chaqiradi, – dedi qo‘mita bosh boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev
Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, bu kabi chora-tadbirlar nafaqat texnik xavfsizlikni ta’minlash, balki jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning o‘z xavfsizligiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA