Teves Messi va Ronalduni xayrlashuv uchrashuviga taklif qilmoqchi
42 yoshli Teves professional futbolchilik faoliyatini 2022-yilning iyun oyida yakunlagan.
Jahon futbolining ikki yulduzi Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu yana bir uchrashuvda maydonga tushishi mumkin. Bunga Karlos Tevesning xayrlashuv o‘yini sabab bo‘lishi kutilmoqda.
ESPN Argentina ma’lumotiga ko‘ra, argentinalik sobiq hujumchi 19-dekabr kuni o‘z yurtida faoliyatiga bag‘ishlangan xayrlashuv uchrashuvini tashkil etishni rejalashtirgan.
Teves mazkur bahsga faoliyati davomida birga to‘p surgan va yaxshi munosabatda bo‘lgan 60 ga yaqin futbolchini taklif qilmoqchi. Mehmonlar ro‘yxatidan Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bilan bir qatorda Ueyn Runi, Andrea Pirlo hamda boshqa taniqli futbolchilar joy olishi mumkin.
Agar Messi va Ronaldu taklifni qabul qilsa, futbol muxlislari ikki afsonani yana bir bor bitta maydonda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
42 yoshli Teves professional futbolchilik faoliyatini 2022-yilning iyun oyida yakunlagan.