Termizlik o‘quvchi qizlar o‘zaro bellashdi
Termiz shahridagi ta’lim muassasalarining 9-11-sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida “Baxtim shulki, o‘zbekning Zulfiyasiman” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” doirasida shahar yoshlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va iqtidorini ro‘yobga chiqarish maqsadida tasdiqlangan rejaga asosan, joriy yilning fevral-may oylarida har hafta Termiz shahar hokimi sovrini uchun fan, ta’lim, san’at, kitobxonlik va sport yo‘nalishida turli ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalari, bellashuv va sport musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 5-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika, matematika, informatika, biologiya va tarix fanlari bo‘yicha, baxshichilik, qo‘shiqchilik, rassomchilik yo‘nalishlarida, shuningdek, “Abdulla Oripov izdoshlari, “O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdoni” kabi turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda.
[gallery-1401]
9-11-sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Baxtim shulki, o‘zbekning Zulfiyasiman” nomli ko‘rik-tanlov ham ushbu rejaga muvofiq tashkil etildi. Unda shahardagi barcha umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari va kasb-hunar maktablarining har biridan bittadan, jami 30 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Tanlovda qizlar 3 shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 11-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Kamola Mingto‘rayeva birinchi, 23-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Marg‘iyona To‘xtayeva ikkinchi, 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Jasmina Jo‘lliyeva uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar.