Termizlik g‘olib harbiylar sharaflandi
Buxoro shahrida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy qism xizmatchilari o‘rtasida sportning qo‘l jangi, milliy kurash va tosh ko‘tarish turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqaning okrug bosqichi yakunlandi.
Murosasiz bahslarga boy bo‘lgan bellashuvda harbiy okrugning Buxoro, Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlaridagi harbiy qism va harbiy muassasalari o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan harbiy xizmatchilar o‘zaro kuch sinashdi.

Uch kun davom etgan qiziqarli musobaqada sportning uchta turi bo‘yicha ham Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, bellashuvning Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

G‘olib komanda Termiz shahrida tantanali kutib olinib, yutuqlari munosib rag‘batlantirildi. Musobaqaning final bosqichida okrug sharafini faxr bilan himoya qilishiga katta ishonch bildirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri