Imom Termiziy rohimahulloh aytadilarki, Abu Hurayra rivoyat qilishicha, hazrat Nabiy (sallallohu alayhi vasallam) shunday deganlar: “Kimki yolg‘on so‘zlashni, boshqa birovga bo‘hton qilishni qo‘ymasa, uning tutgan ro‘zasiga Alloh taolo muhtoj emas”.
Bu hadisi sharif bilan inson qabih illat – yolg‘on va bo‘htondan qaytarilmoqda. Musulmon ummatiga farz qilingan ro‘zaning mohiyatini, fazilatli bu oyning hikmatlarini anglab yetishga, yoshlarni go‘zal xulqli, komil inson etib ulg‘aytirishga chorlamoqda. Qalbida oliyjanoblik, poklik, muruvvat, mehr-shafqat, yaxshilik, sabru qanoat kabi axloqlarni jamlab, hayoti davomida bu fazilatlardan huzur-halovat, sharaf hissini tuyib yashashiga undamoqda. Ro‘za o‘z sohibu sohibasini unga zararli narsalardan to‘sadigan qalqon ekaniyu, bu amal nafaqat, nafsni tiyish, balki odamlarning butun vujudini gunoh ishlardan saqlashi, odobu axloqda ushlashi bilan chin ro‘za bo‘lishini anglatmoqda.

Buyuk ajdodlarimiz bizga tuhfa etgan, asl ma’naviyatimizni anglashga yordam beradigan bunday nodir asarlar sayyoramizda fikrlar xilma-xilligi shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda ham o‘z qiymatini yo‘qotmaganidan aksincha, qadr-qimmati oshayotganidan har qancha faxrlansak arziydi. Zero, o‘tmishdan dunyoga ilmu fan, ma’rifat va ma’naviyat o‘chog‘i sifatida tanilgan yurtimiz islom dini tamadduni uchun ko‘plab buyuk olim va ulamolarga beshik bo‘lgan. Ul zotlar yaratgan nodir asarlar zamonlar evrilib, davrlar o‘zgarsa hamki, yosh avlodning hayot yo‘llarini yoritadigan o‘chmas shamchiroq vazifasini o‘tamoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda qadimda yashab o‘tgan ulug‘larimiz merosini chuqur o‘rganish, tahlil va tadqiq etib, yosh avlod ongu shuuriga singdirish, dunyoga keng targ‘ib qilish yuzasidan qator ulug‘vor ishlar amalga oshirilmoqda. Muqaddas tuprog‘imizda mangu qo‘nim topgan olim va fuzalolarimiz hayoti va ijodini mukammal o‘rganishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ham ana shunday ezgulikka xizmat qildi. Qaror ijrosi doirasida poytaxtimiz va Termiz shahrida xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etilgani, diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar tanlovi o‘tkazilgani, buyuk olim va muhaddis asarlari chop qilingani yoshlarimizning ma’naviy-ruhiy olamini boyitdi. Ular qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va azaliy qadriyatlarga hurmat hissini, o‘tmishda ham ma’naviyat-ma’rifat tug‘ini baland ko‘targan ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘ldi. Hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishish o‘g‘il-qizlarimizning buyuk ajdodlarga havas hissini kuchaytirdi.

Manbalarda keltirilishicha, Imom Abu Iso Termiziy bolalikdan ilmga tashna bo‘lgan. Yigirma yoshida Xuroson shayxlaridan Ishoq ibn Rohavayh Marvaziy kabi o‘z davrining yetuk olimlaridan ta’lim olgan. 25 yoshida Iroqning Basra shahriga, so‘ngra Hijozga borib ta’limni davom ettiradi. Abdulloh ibn Muoviya Jumahiy, Ali ibn Hujr Marvaziy, Qutayba ibn Said Saqafiy, Suvayd ibn Nasr Marvaziy singari zotlardan hadis rivoyat qilgan. Yigirma yil boshqa yurtlarda hadislarni o‘rganib, Termizga qaytib kelgan.
Nishopurda Imom Buxoriy bilan uchrashgan Termiziy hadis va unga taalluqli ilmlarni yanada mukammal o‘rganib, ustozining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan. O‘shanda Imom Buxoriy Termiziyga “Sen mendan foyda olganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq foyda oldim” degan ekan. Bu ta’rif Imom Buxoriyning shogirdiga kamtarona lutfi bo‘lsa-da, olimga berilgan yuksak baho ham edi. Va yana Imom Termiziyning shogirdi Abu Ahmad Hokim e’tirof etganki, “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy vafot etganlaridan keyin Xurosonda ilm, hifz, zuhd va taqvo bobida Abu Iyso Termiziydek biror kishi topilmas edi”.
Ulug‘ olim Ibn Atiyya “Mening huzurimda Imom Buxoriy va Muslimning kitoblariga qaraganda Imom Termiziyning kitoblari nurliroq va tushunarliroq”, deya ta’rif berganida “Nima uchun?”, deb so‘rashgan. Ibn Atiyya: “Chunki, ikkita Imomning kitoblaridan faqatgina ilm va ma’rifat ahllarigina foydalana olishadi, xolos”, deb javob bergan.
Aytishlaricha, shayxlardan biri Imom Termiziyni imtihon qilish uchun u zotga qirqta g‘arib hadisni aytib, savol beradi. Muhaddis qirqtasini ham birorta harfda xato qilmay, avvalidan oxirigacha o‘qib beradi. Ul zotning zehniga lol bo‘lgan shayx: “Sening mislingdagi kishini ko‘rmaganman”, deya lutf etadi. Zotan, shogirdlaridan biri u kishining yodlashi, zehni to‘g‘risida zarbulmasallar bitilganini aytganida ham chuqur ma’no bor.
Buyuk olim va muhaddis “Al-Jomi’ as-sahiyh” (“Ishonchli to‘plam”) yoki “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”), “Ash-shamoil an-nabaviyya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”), “Kitob uz-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob al-asmo val-kuna” (“Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob”), “Al-ilal fil-hadiys” (“Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar haqida”), “Risola fil-xilof val-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “Asmo us-sahoba” (“Payg‘ambar sahobalarining ismlari”) kabi asarlar bitib, bizga boy madaniy meros qoldirgan. Bu asarlarga islom olamida nodir merosdan bahramand bo‘layotganlar uchun jaholatga qarshi ma’naviy najot qo‘rg‘oni sifatida qaralayotgani tahsinga sazovordir.
Muborak va muqaddas oylarda Vatanimizda mangu qo‘nim topgan Imom Termiziydek ulug‘ allomalarimizni yodga olish, bebaho ilmiy meroslarini o‘rganib, asarlarini o‘qish kishiga o‘zgacha huzr-halovat bag‘ishlaydi. Yosh avlodni ilmga chanqoq, chuqur mushohadali, ma’naviy yuksak inson bo‘lib kamol topishga undaydi. Bugungi yoshlarimiz ota-bobolari erisha olmagan ana shunday baxtga musharraf bo‘lganlaridan suyunmoqlari kerak.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri