Termizda o‘simliklar klinikasi ish boshladi
Viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini turli kasallik va zararkunandalardan himoya qilishga ixtisoslashgan klinikaning ochilish marosimida keyingi yillarda agrar sohada yuz berayotgan o‘zgarish hamda yangilanishlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan salmoqli hosil olishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Vohada issiqxonalar soni, tomorqa yer egalarining yerdan samarali foydalanishga bo‘lgan intilishi ortib borayotgani bunday klinikalar tashkil etishga ehtiyojni oshirgani va ular nafaqat issiqxona xo‘jaligi yoki aholi tomorqasi, balki qishloq xo‘jaligining paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik kabi tarmoqlarida ham mo‘l hosil olishga ko‘maklashishi qayd etildi.
Prezidentimizning 2018 yil 28 martdagi “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan o‘simliklar klinikasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va aholiga agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlov berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun kimyoviy, biokimyoviy, biologik va mexanik vositalar bilan ta’minlash kabi vazifalarni bajaradi.
Mutaxassislarning aytishicha, mamlakatimizda har yili zararkunandalar va turli kasalliklar qishloq xo‘jaligida hosilning 30-35 foizini nobud qiladi. Birgina sabzavotchilikda hosilning 8 foizidan ortig‘i boy beriladi. Keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bu muammoni yechishning tajribadan o‘tgan zamonaviy usullaridan keng foydalanishga qulay imkoniyat yaratayotir. Buning uchun hududlarda o‘simliklar klinikasi tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini turli kasallik va zararkunandalardan himoya qilinmoqda.

O‘simliklar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi “MOBETCO” kompaniyasiga qarashli mazkur klinikada dehqon va fermer xo‘jaliklariga o‘simliklar kasalliklari hamda zararkunandalariga qarshi kurash vositalari, preparatlar yetkazib beriladi. Malakali agronom xizmati ko‘rsatiladi. Biologik va kimyoviy vositalar yordamida o‘simliklarni qayta ishlashga, ekinlarni zararkunandalardan himoyalashga yordam beradi. Viloyat qishloq xo‘jaligida fitosanitar xavfsizlikni ta’minlab, ekologik toza meva-sabzavot yetishtirish va xorijga eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri