Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida ZOOM dasturi orqali tarixchi olim Ubaydulla Uvatov qalamiga mansub kitob va risolalar taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazidan Termiz davlat universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat universiteti Termiz filiali professor-o‘qituvchilari, talabalari, Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va o‘quvchilari, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Videomuloqot shaklida o‘tkazilgan taqdimotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbar va ilmiy tadqiqotchilari ZOOM dasturi orqali qatnashib, marhum olimning samarali ilmiy faoliyati bilan bog‘liq xotiralarini baham ko‘rdi. Yuksak insoniy fazilatlarini yodga oldi. Kitob va risolalari haqida fikr almashdi.Ubaydulla Uvatov yetuk tarixchi olimlar murabbiyi, O‘zbekiston tarixida buyuk ajdodlarmiz merosini tiklash yo‘lini boshlab bergan ilm-fan fidoyisi edi. Hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti sharqshunoslik fakultetining arab filologiyasini muvaffaqiyatli tugatgan marhum olim dastlab bir muddat shu fakultetda talabalarga saboq bergan.

Xorij davlatlarida tarjimonlik qilgan. O‘zRFA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida aspiranturada tahsil olib, shu yerda kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib, tarix fanlari doktori, professor unvonlariga sazovor bo‘lgan. Prezident devonida, Vazirlar Mahkamasida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi va Xalqaro Oltin Meros xayriya jamg‘armalari raisi birinchi o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qilgan. Imom Buxoriy xalqaro markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Marhum professor asosan IX-XII asrlarda yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalar qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni nodir qo‘lyozma manbalar asosida chuqur ilmiy-tadqiq etib, nafaqat yurtimiz balki xorijda ham yetuk manbashunos olim sifatida tanilgan. 50 ga yaqin kitob va risola yaratgan. 200 dan ortiq ilmiy maqola chop etgan. «O‘rta Osiyo olimlari qomusi», «O‘zbekiston buyuk allomalar yurti», «Buyuk yurt allomalari» kabi salmoqli to‘plamlar ham olimning ko‘p yillik mashaqqatli mehnatlari samarasidir.
U.Uvatov Imom Buxoriy, Imom Termiziy. Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Lomishiy va yurtimizdan yetishib chiqqan ko‘plab boshqa allomalar haqida birinchilardan bo‘lib o‘zbek tilida ilmiy-ma’rifiy risolalar nashr etgan xassos olim sifatida tanildi.

Hayotining qariyb 60 yilini Vatanimizda yashab o‘tgan buyuk allomalarning ilmiy merosini xalqimiz xususan, yosh avlod ongiga chuqur singdirishga bag‘ishlagan olim tug‘ilib, kamolga yetgan Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani markazidagi ko‘chalardan biri va ta’lim-tarbiya olgan 1-maktabga U.Uvatov nomi berilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bosh konsultanti I.Daminov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari M.Komilov, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari I.Inamov O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavarov olimning samarali ilmiy faoliyati, ulug‘ insoniy fazilatlari haqida atroflicha so‘z yuritdi.
– Ustoz «ketmonning dastasini o‘zidan chiqaraman», degan gapni tez-tez aytib turar edi, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Sh.Umarov. – Qayerda ishlamasin mahalliy kadrlar bilan birga faoliyat yuritishni yoqtirar edi. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro markazida ham, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham mahalliy ilmiy tadqiqotchilarni shu dargohlarga birlashtirib, ular bilan birga mehnat qildi. Men ham ul zot bilan birga ishlaganim va hadisshunoslik bo‘yicha ilmiy ishimni ustoz rahbarligida himoya qilganimdan bir umr faxrlanaman. Ayni paytda ustoz boshlab bergan ilmiy-tadqiqot ishlari markazimizda shogirdlari tomonidan davom ettirilayotgani sharqshunos, manbashunos va islomshunos olim xotirasi qalblarimizda abadiy yashashining yorqin dalilidir.
Tadbir yakunida Termizdagi markaziy studiyadan ishtirok etgan o‘qituvchi va talaba-yoshlarga U.Uvatovning kitob va risolalari tuhfa qilindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA