Termizda “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida joylashgan harbiy qismda viloyatning shahar va tumanlaridagi 1-sektor hududidagi mahallalarda, jumladan, garnizondagi harbiy qism va muassasalarga biriktirilgan 100 nafar yoshlar uchun 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Yig‘inda yigitlar kunni badantarbiya mashg‘ulotlar bilan boshlab, o‘quv davomida jismoniy, jangovar va saf tayyorgarligi kabi mashg‘ulotlar, shuningdek, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat tahlillariga qaratilgan darslarda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini oshirib bordi. Bundan tashqari, Angor tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi xodimlari tomonidan yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, unda yoshlarga malakali mutaxassislar tomonidan santexnika, chilangarlik, tadbirkorlik, sartaroshlik hamda kompyuter savodxonligi bo‘yicha saboq berildi. Yig‘in doirasida harbiylikka qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarning kelajagi ham alohida inobatga olingan bo‘lib, bu borada okrug qo‘mondonligi bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi, muddatli harbiy xizmatga borish, shartnoma asosida xizmatni davom ettirish hamda harbiy guvohnoma olish istagidagi yoshlarning murojaatlari qanoatlantirildi. Shuningdek, yoshlarni sportga jalb etish maqsadida “Qo‘mondon kubogi” uchun harbiy estafeta, “Viloyat hokimi kubogi” uchun mini-futbol, “Prokuror kubogi” uchun shaxmat va shashka musobaqalari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etildi.
[gallery-19976]
O‘quv yig‘inning tantanali yopilish marosimida otaliqqa olingan har bir yigitning egallagan kasb-hunari bo‘yicha sertifikatlar hamda tashkil etilgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan jamoalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA