Terma jamoamiz g‘alabasi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi.Dastlabki bahsda hamyurtlarimiz qirg‘izistonlik charm to‘p ustalarini 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvda Konstantin Sviridov raqib darvozasini ikki marta ishg‘ol qildi. Artur Yunusov va Feruz Faxriddinov bittadan gol kiritdi.
Ikkinchi uchrashuvda futbolchilarimiz Qirg‘iziston terma jamoasi a’zolarini 3:2 hisobida yengdi. Ushbu o‘yinda Artur Yunusov raqib darvozasiga uchta gol kiritib, terma jamoamizning g‘alabasini ta’minladi.
Hujumkor ruhda o‘tgan so‘nggi bahsda terma jamoamiz a’zolari 5:3 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvning 4-daqiqasida Nodir Eliboyev hisobni ochdi. Konstantin Sviridov bu safar ham raqib darvozasiga ikkita to‘p kiritgan bo‘lsa, Feruz Faxriddinov va Farhod Abdumavlonov bittadan gol muallifi bo‘ldi.