Tergovchilar har tomonlama sinovlardan o‘tishdi
Jizzax viloyatida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida an’anaviy “Eng yaxshi tergovchi” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur ko‘rik-tanlovda ishtirokchilar faqat kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar bilangina emas, balki jismoniy chidam va ruhiy barqarorlik yuzasidan ham ham sinovdan o‘tishdi. Tergovchilar 100 va 3000 metrga yugurish, to‘sinda tortilish, jangovar qurollarni qismlarga ajratish va qayta yig‘ish, nishonga olish hamda o‘zini-o‘zi himoya qilish bo‘yicha mahoratlarini namoyon etishdi.

Shu bilan birga, huquq-tartibot posbonlarining siyosiy va huquqiy bilimi, shaxsiy-psixologik xususiyatlari, kasbiy saviyasi maxsus test va muloqotlar orqali baholandi. Bu jarayon, avvalo, tergovchi shaxsidagi mas’uliyat, fidoyilik va mutaxassislik mezonlarini ilg‘ab olishga xizmat qildi.


Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tergovchisi, kapitan Bekzod Hayitboyev faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Arnasoy tumani IIB tergov guruhi katta tergovchisi, kapitan Muslimbek Anvarov loyiq topilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni esa shu tuman IIB surishtiruvchisi, leytenant Olovuddin Malikov egalladi.

Ushbu tanlov faqat g‘olib tergovchini aniqlash emas, balki kasbga bo‘lgan sadoqat, intizom va ma’naviy yetuklikni namoyon etish borasida muhim mezonga aylandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari