Tergov sudyasi joriy etilsa nimalar o‘zgaradi?
Mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanib, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sud huquq islohotlarining davomi sifatida joriy yilning 10 iyunida “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident farmoni imzolandi.
“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” ning 15-maqsadida “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta’sirchan mexanizmini joriy etish masalalari o‘rin olgan.
Bundan tashqari, “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirish, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.
Farmon bilan 2025 yilning 1 yanvaridan Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, tergov sudyasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat prsessual kodeksida ko‘rsatilgan ishni sudga qadar yuritish jarayonida sudning qarori (ajrimi) talab qilinadigan protsessual harakatlar bo‘yicha sud vakolatlarining barchasi o‘tkazilishi, shuningdek, tergov sudyalari ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqishi belgilanmoqda.
Bu institut, ayniqsa, Fransiyada o‘z tarixiy ildiziga ega bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘rin tutadi hamda ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydigan xolis, mustaqil institut namunasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda Belgiya, Gretsiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida tergov sudyalari o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Tergov sudyasi instituti hozirda Litva, Moldaviya, Estoniya, Latviya, Ukraina, Qozog‘iston, Gruziya va Qirg‘izistonda joriy etilgan.
Dilobar Ergasheva,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi
O‘zA