Tergov hibsxonasiga tashrif tashkil etildi
Yurtimizda inson qadr- qimmatini yuksak o‘rinlarga qo‘yish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jinoyat sodir qilishda gumon qilinib, ushlab turilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish bilan bog‘liq xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan ishlar tahsinga sazovordir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Toshkent 1-son tergov hibsxonasiga amaliy tashrif tashkil etilib, shaxsni mazkur hibsxonada majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning barcha bosqichlari deputatlar ishtirokida o‘rganildi.
Shuningdek, o‘rganish chog‘ida qo‘mita ish yurituvida mavjud bo‘lgan jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi yuzasidan muhokamalar ham o‘tkazildi.

Mazkur qonun loyihasida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, qonun loyihasi bilan shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berilishi tartibi amaliyotchilar bilan muhokama qilindi. Muhokamalar natijasida qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
M.Komilova, O‘zA