TerDUning jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha tajribasi o‘rganilmoqda
Prezident topshirig‘i – amalda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasining kelgusi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Termiz davlat universitetining bu yo‘nalishda samarali tajriba shakllantirgani alohida ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mamlakatimizdagi 207 ta oliy ta’lim muassasasi rektorlariga mazkur ilg‘or tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, sport sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir yillik aniq rejalar ishlab chiqish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sport vazirligi Termiz shahrida sport haftaligi va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etdi.
Seminar ishtirokchilari dastlab erta tongdan “Sog‘lom hayot uchun o‘n ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni o‘tkazib, Termiz shahridagi “Termiz Surxon sport” majmuasidan Termiz davlat universitetigacha bo‘lgan masofani piyoda bosib o‘tdi. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qildi.
[gallery-28925]
Termiz davlat universitetining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tajribasini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminarning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramovlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni sportga keng jalb etib, Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga keng yoyish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonda sport bilan do‘st tutingan talaba-yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, jismoniy tarbiya va sportni oliy ta’lim tizimi bilan uzviy bog‘lash, talabalar o‘rtasida sog‘lom va faol hayot tarzini shakllantirish, sport infratuzilmasini rivojlantirish haqida atroflicha so‘z yuritdi. Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 7-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan muhim vazifalar ham ana shunday ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Seminar ishtirokchilari TerDU rektori A.Toshqulovning Termiz davlat universitetining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tajribalari hamda istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan taqdimoti bilan tanishdi.
Ayni paytda universitetda 18 ta sport inshooti mavjud. Sohani rivojlantirish uchun birgina o‘tgan yili sport infratuzilmasiga 4,7 milliard so‘m, sport klublariga 3,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar talaba-sportchilar uchun qulay muhit yaratib, ularning mashg‘ulotlarga qiziqish va intilishini oshirmoqda. Turli bellashuvlarda sovrinli o‘rinlarni egallashga undayotir. Jumladan, o‘tgan yil TerDUning talaba-sportchilari 309 ta medalga sazovor bo‘ldi. Uning 18 tasi xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritildi.
Seminar doirasida mehmonlar universitetning tennis korti, suzish havzasi, fitnes va og‘ir atletika zallari, kurash majmuasi va shaxmat xonalarini ko‘zdan kechirdi. Stadiondagi futbol, gandbol va basketbol maydonlarida mahalla yoshlari uchun tashkil etilgan to‘garaklar, shuningdek, adaptiv sport yo‘nalishidagi yangicha yondashuvlar seminar qatnashchilariga juda manzur bo‘ldi.
Ayni paytda oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan to‘rtta klubga 18 sport turi bo‘yicha besh ming talaba qamrab olingan. Voleybol va gandbol jamoalari oliy ligada, futzal va futbol jamoalari esa 1-liga bellashuvlarida faol qatnashayotir.
Termizda boshlangan sport haftaligida talaba-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasiga ham start berildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 12 ta eng kuchli jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Seminar ishtirokchilarining ertaga Surxondaryo viloyatidagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishi ham rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri