"TePe Sigeman & Co Chess Tournament 2026": Magnus oltin, Abdusattorov bronza medalini qo‘lga kiritdi
Shvetsiyaning Malmyo shahrida o‘tkazilgan “TePe Sigeman & Co Chess Tournament 2026” xalqaro turnirida Nodirbek Abdusattorov sovrindorlar qatoridan joy oldi.
FIDE reytingida yetakchilik qilayotgan sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen, hindistonlik Arjun Erigaisi, turkiyalik 14 yoshli vunderkind Yagiz Kaan Erdog‘mush singari mahoratlilar bilan kechgan murosasiz bahslarda terma jamoamiz sardori Abdusattorov o‘z o‘yin uslubini namoyish qilgani bilan ajralib turdi.

7 ta turdan iborat bo‘lgan bahslar davomida Nodirbek 1 ta g‘alaba, 6 ta durang natijani qayd etdi.

O‘tkazilgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Arjun Erigaisi va Magnus Karlsen 5 ochko jamg‘arib, g‘oliblikka asosiy da’vogarlik maqomiga ko‘tarildi. Ular o‘rtasida o‘tgan tay-brek bahsida Norvegiya vakili 2:1 hisobida ustunlikka erishdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘z navbatida, Erigaisi kumush, Abdusattorov bronza medaliga ega chiqdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA