Termiz tumanida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududidagi “Tenopark”ning birinchi bosqichida qiymati 65 milliard so‘mlik dastlabki loyiha – yengil konstruksiyali, zamonaviy qurilish materiallaridan barpo etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokchilarni Yangi yil bilan tabrikladi. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirib, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi.

Yangi loyihaning ishga tushirilishi bilan bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tez va sifatli barpo etilgan shoxobchalarda aholi ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar va “Texnopark”da ishlab chiqariladigan mahsulotlar arzon narxlarda sotiladi.

Qiymati 234 milliard so‘mlik yirik inshootning keyingi bosqichlarida Xitoy texnologiyalari va innovatsiyalari asosida zamonaviy ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri