Tennischilarimiz J100 xalqaro turnirida g‘olib bo‘ldi
Farg‘ona shahrida o‘smirlar o‘rtasida tennis bo‘yicha J100 toifasiga kiruvchi xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi.
Dunyoning o‘nga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan yosh tennischilar ishtirokida o‘tgan musobaqada g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida neytral maqomda ishtirok etgan Aleksander Kunitsin finalda yaponiyalik Kensuke Kobayashini 6:1, 6:3 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Juftliklar bahsida esa hamyurtlarimiz Danila Kvasov va Mahmudbek Beknazarov chempionlikni nishonladi. Ular hal qiluvchi uchrashuvda Abdurahmon Karimov hamda tojikistonlik Somon Amonov juftligini 7:5, 6:7, 10:8 hisobida mag‘lub etdi.
Qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida neytral tennischi Dariya Podsipanina zafar quchdi. Juftliklar bahsida esa Nigina Alimova va rossiyalik Vasilisa Marchenkodan iborat tandem barcha raqiblarini ortda qoldirib, musobaqa g‘olibiga aylandi.
Shu tariqa, Farg‘onadagi nufuzli xalqaro musobaqada O‘zbekiston vakillari ikki yo‘nalishda — o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi juftlik bahslarida chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA