Tennischi qizlarimiz yarim finalda
Farg‘onada Xalqaro tennis federatsiyasi musobaqalari taqvimidan joy olgan o‘smirlar o‘rtasidagi J100 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirning juftlik bahslarida yarim finalchilar nomi aniqlandi.
Juftlik o‘yinlarining chorak finalida hamyurtlarimizdan Nuriddin Baxtiyorov va Imron Haitboyev tandemi neytral tennischi Andrey Pikulin hamda xitoylik Kaigaoge Kangni 7:5, 6:3, 10:7 hisobida taslim qildi. Endi tennischilarimiz 1/2 finalda hindistonlik Arnay Paparkar va Sehaj Singh Pavar juftligi bilan raqobatlashadi.
Qizlar o‘rtasidagi 1/4 final bosqichida umidli tennischimiz Sabrina Omonova neytral tennischi Arina Maligina bilan birgalikda yaponiyalik Kokonalshi va Mutsumi Uemurani 6:3, 6:2 hisobida yengdi. Shuningdek, yosh tennischilarimiz Nigina Alimova hamda Zlata Chinnova tandemi qozog‘istonlik Anastasiya Krimkova va Satima Toregenni 6:3, 7:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Endi yarim finalda Sabrina va Arina – Nigina va Zlata juftliklari o‘zaro kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA