Tennis: Humoyun Sultonov Portugaliyada tengsiz bo‘ldi
Portugaliyada Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan M25 tasnifidagi turnirda mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Humoyun Sultonov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning yarim final bosqichida Humoyun Sultonov fransiyalik Den Eddedni 6:4, 7:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, litvalik Edas Butvilas AQSH vakili Karl Polingdan 7:5, 6:3 hisobida ustun keldi. Shu tariqa Humoyun va Edas xalqaro turnirning so‘nggi hal qiluvchi final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Biroz avval, nufuzli musobaqaning bosh sovrini uchun o‘tkazilgan o‘yinda H.Sultonov 6:4, 7:5 hisobida E.Butvilas ustidan zafar quchdi. Mazkur g‘alaba tennischimiz uchun xalqaro turnirning bosh sovrini bilan bir qatorda 3 ming 600 AQSH dollari pul mukofoti va 25 reyting ochkosini keltirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA