TENNIS: Denis Istomin “Chellenjer” turniri finalida
Hamyurtimiz musobaqaning hal qiluvchi bahsida ispaniyalik Alexandro Davidovich Fokinaga qarshi kortga chiqadi
Hamyurtimiz musobaqaning hal qiluvchi bahsida ispaniyalik Alexandro Davidovich Fokinaga qarshi kortga chiqadi
Xabaringiz bor, Xitoyning Liujou shahrida tennis boʻyicha erkaklar oʻrtasida “Chellenjer“ turkumiga kiruvchi turnirda mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettiryapti. Hamyurtimiz musobaqaning hal qiluvchi final oʻyiniga qadar yetib keldi. Denis bunga qadar oʻtgan bellashuvlarda yaponiyalik tennischi Makoto Otini 7:6, 6:3, kanadalik Stiven Diani 4:6, 7:6, 6:0, tavanlik U Tung-linni 6:2, 6:3, yarim finalda esa turnirning yettinchi raketkasi serbiyalik Danilo Petrovichni magʻlubiyatga uchratib, final ishtirokchisiga aylandi. Uning yarim finaldagi raqibi Petrovich birinchi setning yettinchi geymidan soʻng 3:4 hisobida yutqazayotgan pallada bahsni davom ettira olmasligini maʼlum qilib, magʻlubiyatini tan oldi.
Sovrin jamgʻarmasi 54 160 AQSH dollarini tashkil qiluvchi ushbu turnirda ATP reytingida 211-oʻrinni egallab turgan Istomin hal qiluvchi final uchrashuvida Alexandro Davidovich Fokinaga qarshi bahs olib boradi. Ispaniyalik bu tennischi dunyo reytingida 93-pogʻonadan joy olgan.